Pandora hujjatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Pandora hujjatlari 2021-yil 3-oktabrda Xalqaro tergovchi jurnalistlar uyushmasi (ICIJ) tomonidan eʼlon qilingan 2.9 terabaytlik maʼlumotlarga ega boʻlgan 11,9 million dona hujjatlardir. Maʼlumotlar aniqlashda dunyoning 35 nafar yetakchisi, jumladan, amaldagi va sobiq prezidentlar, bosh vazirlar va davlat rahbarlari hamda 100 dan ortiq milliarderlar, taniqli shaxslar va biznes rahbarlarining maxfiy ofshor hisoblari fosh etilgan.

ICIJning 2021-yil 22-oktabrdagi yigʻilishi

ICIJning axborot tashkilotlari hujjatlardagi moliyaviy maxfiylikning fosh etishda Panama, Shvetsariya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi 14 ta moliyaviy xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalarning hujjatlari, rasmlari, elektron pochtalari va elektron jadvallari tekshirib chiqdi. 2016-yilda 11,5 million maxfiy hujjatga 2,6 terabayt xotiraga ega boʻlgan Panama hujjatlari tekshirilib chiqqan edi.

Tarixi‎[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pandora jomining ochilishi

Qadimgi yunon mifologiyasiga koʻra Pandora zamindagi dastlabki ayol boʻlib, u oʻz qoʻlida jom, yaʼni idish bilan kelgan. Idishni ochib yuborish orqali Pandora Yer yuzi boʻylab qator yovuzliklarni tarqatib yuboradi va uning tubida faqat bir ezgulik — umid qoladi. Bu haqda qadim yunon shoiri Gesiod oʻzining „Mehnat va hayot“ dostonida kuylaydi. Ammo keyinchalik odamlar jom, yaʼni idish atamasidan voz kechib, qutini qoʻllay boshlaydilar va „Pandora jomi“ „Pandora qutisi“ga aylanadi. Dostondagi boshqa jihatlar unutiladi va juda koʻpchilik qayerdadir „Pandora qutisi“ mavjudligiga, u topilsa va ochib yuborilsa, dunyo ostin-ustun boʻlib ketishiga ishonib yashaydi.[1] „Pandora hujjatlari“ nomi ham turlicha — „Pandora dosesi“, „Pandora arxivi“ kabi variantlarda ham qoʻllanadi.

ICIJ qanday ishlaydi?[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Pandora hujjatlari“ Xalqaro jurnalistlar konsorsiumining koʻp yillik mehnatiga asoslangan boʻlib, unda davlat rahbarlari yoki ularning oila aʼzolari, yirik amaldorlar, soyadagi shaxslarning offshor kompaniyalar orqali yirik korrupsion sxemalari fosh qilinadi. Aksariyat hollarda bu hujjatlar rad etib boʻlmas dalillarga tayanmaydi va odatda taxminlar maqomida boʻladi. Lekin shunga qaramay uni tayyorlagan jurnalistlar ham, maʼlumotlar manbalari ham sir saqlanadi. Taxminlarga koʻra manbalar bu shaxslarning ichki dushmanlari, xakerlar va maʼlum haq evaziga maʼlumot sotuvchi bankirlardir. „Pandora hujjatlari“da 11,9 million hujjatlar, 2,9 terabayt maʼlumot jamlangan. Arxivda soliqlardan qochilgan va yuvilgan kamida 32 trillion dollar mablagʻ haqida soʻz boradi va bunga koʻchmas mulk, zargarlik buyumlari, sanʼat asarlari, yaxtalar hamda qimmatbaho avtomobillar kabi boyliklar kiritilmagan. Bu arxivda 35 davlatning amaldagi yoki sobiq rahbarlari hamda 100dan ortiq mamlakatning 400 nafardan ortiq rasmiy shaxslari, 100 nafardan ortiq milliarder va 29 mingdan ortiq offshor hisob raqamlari haqida soʻz boradi.

Maʼlumotlar Forbes roʻyxatiga kiritilgan 130 milliarder, 330 dan ortiq siyosatchilar, taniqli shaxslar, qirollik oilalari aʼzolari va hatto baʼzi diniy rahbarlarni oʻz ichiga olgan. Ular orasida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler, Chili prezidenti Sebastyan Pinera, Keniya prezidenti Uxuru Kenyatta, Chernogoriya prezidenti Milo Jukanovich, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Tani, Birlashgan Arab Amirliklari vaziri Rahmiddin Rahm ham bor. Al Maktum, Gabon prezidenti Ali Bongo Ondimba, Livan bosh vaziri Najib Mikati, Ekvador prezidenti Gilermo Lasso, Argentinaning sobiq prezidenti Maurisio Makri va uning spin-doktori, ekvadorlik Xayme Dyuran Barbaning oila aʼzolari va Kipr prezidenti Nikos Anastasiades. 100 dan ortiq milliarderlar, 29 000 offshor hisoblari, 30 nafar amaldagi va sobiq rahbarlar hamda 336 nafar siyosatchi ismlari 2021-yil 3-oktabrda birinchi marta oshkor qilingan.[2]

Ozarbayjon[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilhom Aliyev

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va uning oilasi oʻz mamlakatini talon-toroj qilishda ayblangan. Soʻnggi yillarda Aliyevlar va ularning yaqin sheriklari Buyuk Britaniyada 400 million funt sterlingdan ziyod mulkiy bitimlar tuzishgan. Xususan, prezidentning 11 yoshli oʻgʻli Haydar Aliyev uchun Londonda 33 mln dollarlik mulk xarid qilingan. Mayfeyrdagi yana bir bino esa Ilhom Aliyev oilasiga tegishli Mallnick Holdings tomonidan sotib olingan va bir oy oʻtib mulk Aliyevlar bilan oilaviy yaqin aloqalari bor Gaydar kompaniyasi tomonidan qayta xarid qilingan.

Iordaniya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh II

Iordaniya qiroli Abdulloh II AQSh va Buyuk Britaniyadan 100 million dollarga maxfiy ravishda koʻchmas mulklar xarid qilgan. Yigirma yillik hukmronlik davrida doimiy ravishda avtoritarizm ayblovlariga duchor boʻlgan qirol Kaliforniya va Angliyaning eng markaziy va zamonaviy hududlaridan 15ta uy va kvartiralar sotib olgan. Qirollik huquqshunoslarining taʼkidlashicha, Abdulloh II barcha mulklarni Iordaniya fuqarolarining ehtiyojlari uchun oʻz shaxsiy jamgʻarmasidagi mablagʻlari hisobidan xarid qilgan. Ular ofshor kompaniyalar orqali roʻyxatdan oʻtishni xavfsizlik va maxfiylik nuqtayi nazaridan mashhur odamlar orasida keng tarqalgan amaliyot deb atashgan.

Keniya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uxuru Kenyatta

Keniya prezidenti Uxuru Kenyatta va uning oilasining olti aʼzosi yashirin ravishda ofshor kompaniyalar tarmogʻiga egalik qilishgan. Ular 11ta ofshor firma bilan aloqa bogʻlagan — ulardan biri 30 million dollarlik aktivlarga ega boʻlgan.

Kipr[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kipr prezidenti Nikos Anastatsiades taʼsischisi boʻlgan advokatlik firmasi bir qancha ofshor kompaniyalarning haqiqiy egasi boʻlgan sobiq rossiyalik siyosatchini yashirish maqsadida bir qancha soxta mulkdorlardan foydalangan boʻlishi mumkin. Hujjatlar yuridik firma rossiyalik milliarder va sobiq senator Leonid Lebedevga toʻrtta kompaniyaning mulkini yashirishga yordam berganini aniqlagan. Biroq yuridik firma buni rad etmoqda. Yirik neft magnati boʻlgan Lebedev energetika sohasida 220 million dollarni oʻzlashtirganlikda ayblagandan keyin Rossiyadan qochib ketgan. Shuningdek, kiprlik yuridik firma rus poʻlat magnati Aleksandr Abramov uchun ham maʼlumotnomalar tayyorlaganlikda ayblanmoqda.

Pokiston[tahrir | manbasini tahrirlash]

Imronxon

Pokiston bosh vaziri Imron Xon va yaqinlari, mamlakat vazirlar mahkamasi hamda ularning oilalari millionlab dollarlik ofshor kompaniyalarga ega. 2016-yil aprelida Panama hujjatlari boʻyicha Pokistonda tergov boʻlganida Imron Xon juda xursand boʻlgan. Panama hujjatlarida oʻsha vaqtdagi Pokiston bosh vaziri Navoz Sharifning farzandlari ofshor kompaniyalar bilan aloqada boʻlganligi keltirib oʻtilgandi. Bu esa Imron Xonga siyosiy raqibini „korrupsionerlar koalitsiyasi“ rahbari sifatida ayblashga imkon bergan. „Rivojlanayotgan mamlakatlarda odamlardan talon-toroj qilish jirkanchlikdir“ degan Imron Xon 2016-yilda The Guardian nashriga bergan intervyusida. Oxir-oqibat, Pokiston oliy sudi Novoz Sharifni Panama hujjatlari sabab boʻlgan tergov natijasida lavozimidan chetlatdi. Imron Xon esa keyingi milliy saylovda uning oʻrnini egallagan. Bugungi kunga kelib esa Imron Xonga yaqin odamlarning ofshor holdinglar tashkil qilgani oshkor qilinmoqda. Ular orasida uning moliya vaziri va moliyaviy masalalardagi yordamchisi ham boʻlishi mumkin.

Chexiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish tomonidan Fransiyada 22 million dollarlik kinoteatr va ikkita suzish havzasiga ega boʻlgan qasr ofshor investitsiya kompaniyasi yordamida xarid qilingan. Hujjatda bosh vazir mamlakatida iqtisodiy va siyosiy korrupsiyasiga qarshi kurashgan „milliarder“ sifatida tavsiflangan.

Livan[tahrir | manbasini tahrirlash]

Livanning sobiq vaziri va Al-Mavarid banki raisi Marvan Xayriddin 2019-yilda mamlakatda ogʻir iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan va aholining yarmi qashshoqlik bilan kurashayotgan bir paytda 2 million dollarlik yaxtalarga egalik qilgan BVI kompaniyasining rahbari sifatida bitimlar imzolagan. Livan fuqarolaridan birining taʼkidlashicha, aholi kundalik yashash uchun kurashayotgan bir paytda „siyosatchilar va bankirlar“ mamlakat pullarini chet elga „investitsiya“ qilgan.

Buyuk Britaniya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toni Bler

Pandora hujjatlari shuni koʻrsatadiki, sobiq Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Bleyr va uning rafiqasi Cheri 8,8 million dollarlik koʻchmas mulkka ega va hozirda bu yerda Cheri Bleyr yuridik firmasi joylashgan. Ushbu bino Bahrayn sanoat va turizm vaziri Zayid bin Rashid oilasiga tegishli ofshor kompaniyadan xarid qilingan. Bu xarid oilani 400 ming dollarlik mol-mulk soligʻi toʻlashdan „qutqarib“ qolgan. Bleyr va Zayid bin Rashidning taʼkidlashicha, ular dastlab bir-birlarining bitimga aloqadorligi haqida bilishmagan.[3][4]

Rossiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rus-televizion ijrochisi va Oscar mukofotiga nomzod produser Konstantin Ernst ham ofshor kompaniyalarga aloqadorlikda ayblanmoqda. U Putinning eng yaxshi imijmeykeri, prezidentni „Rossiyaning qutqaruvchisi“ degan fikr bilan xalqni sotgan ijodiy isteʼdod sifatida taʼriflangan. Pandora hujjatlari shuni koʻrsatadiki, Ernstga 2014-yilgi Sochi qishki olimpiada oʻyinlarining ochilish va yopilish marosimlarini tayyorlaganidan soʻng, daromadli ishlarda ishtirok etish imkoniyati berilgan. U hukumat tomonidan moliyalashtirilgan ofshor kompaniyalar orqali Moskva shahridan oʻnlab kinoteatrlar va boshqa mulklarni sotib olish boʻyicha bitim tuzgan. Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilga kelib Ernstning mulklardagi shaxsiy ulushining qiymati 140 million dollardan oshgan. Ernst xususiylashtirish bitimlarida qatnashganligini inkor etmasligini, ammo bu 2014-yilgi Olimpiada oʻyinlariga umuman daxli yoʻqligini taʼkidlagan.[5]

Ukraina[tahrir | manbasini tahrirlash]

Volodimir Zelenskiy

Hujjatlarga koʻra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy oʻzining ofshor kompaniyadagi 25 foiz ulushini saylov kompaniyasi boshlanishidan oldin yaqin doʻsti, hozirda prezidentning bosh maslahatchisi boʻlgan Serxiy Shefirga oʻtkazib bergan. London koʻchmas mulkining yana bir egasi prezident Zelenskiyning sobiq biznes sherigi, ssenariy muallifi va „Studiya 95“ teleseriali direktori Andrey Yakovlevdir. Shuningdek, Ukraina prezidentining aka-uka Shefirlar bilan birgalikda asos solgan ofshor shirkati Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarining ishonchli boshqaruvidaligi xabar qilinmoqda. Bundan tashqari, Volodimir Zelenskiy milliarder oligarx Kolomoyskiyga bogʻliq tuzilmalardan 40 million dollar miqdoridagi oʻtkazmalarga aloqador boʻlishi mumkin. Pandora hujjatlari oligarx Igor Kolomoyskiy tuzilmalaridan Volodimir Zelenskiy va uning sheriklarining ofshor kompaniyalariga pul oʻtkazish sxemasini qisman tasdiqlagan.[6]

Oʻzbekiston[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gulnora Karimova

2010-yilda Shvetsiyaning Telia kompaniyasi maslahatchisi boʻlib ishlagan Muhammad Amersi offshor shirkatga 220 million dollar toʻlov oʻtkazish jarayonida ishtirok etgan. Ushbu offshor shirkatni esa Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova nazorat qilgan. AQSh hukumati ushbu toʻlovni „220 million dollarlik pora“ sifatida eʼtirof etgan. Hujjatlarni fosh qilish uchun ICIJ 117 mamlakatdagi 91 ommaviy axborot vositalari jurnalistlari bilan ishladi, jumladan The Washington Post, L’Espresso, Le Monde, El País, Süddeutsche Zeitung, PBS dasturi Frontline, Avstraliya radioeshittirish korporatsiyasi, The Guardian va BBCning Panorama dasturi jurnalistlari faol ishtirok etdilar. 2021-yilning 3-oktabrida oshkor qilingan bu maʼlumotlar oʻz hajmi jihatidan ayni shu kabi eʼlon qilingan „Panama arxivi“ni ortda qoldirdi. 2016-yilda eʼlon qilingan „Panama arxivi“ 1977—2015-yillar oraligʻidagi yirik korrupsion harakatlar aks etgan 11,5 mln hujjatdan iborat va unda ham Oʻzbekistonga oid hujjatlar ham boʻlgan. „Panama arxivi“ hajm jihatdan „Pandora hujjatlari“dan ortda qolsa-da, unda qilingan mehnat koʻlami juda katta boʻlgan. Qolaversa, 1977-yildan boshlangani va deyarli 40 yillik davrni qamrab olgani, global tarmoqlar, internet rivojlanmagan oʻsha paytlarda har bir maʼlumot uchun qancha mehnat qilinganini tasavvur qilish qiyin emas. Shuningdek, „Panama arxivi“ OAV vakillari tomonidan emas, Panamada joylashgan, dunyoning 40dan ortiq davlatlarida vakolatxonalarga ega Mossack Fonseca huquqiy kompaniyasi tomonidan jamlangan va 2015-yilda Süddeutsche Zeitung nemis nashri tomonidan qoʻlga kiritilgan. Shundan soʻng ishga Xalqaro jurnalistlar konsorsiumi aralashadi va bir yil davomida hujjatlar tanlov yordamida oʻrganiladi. Maʼlum darajada asoslarga egaligi haqida xulosaga kelinganidan keyingina omma eʼtiboriga havola qilinadi. „Pandora hujjatlari“ va „Panama arxivi“ xalqaro korrupsion sxemalarni aks etgan yagona toʻplamlar emas. Bunday maʼlumotlar turli manbalardan va turli hajmlarda muntazam eʼlon qilib turiladi. 2013-yilda „Offshor mojarosi“ degan shartli nom ostida ham maʼlumotlar tarqatilgan va bu maʼlumotlar keyinchalik „Panama arxivi“ga asos qilib olingan. Garchi bu kabi hujjatlar rad etib boʻlmas dalillarga asoslanmasa-da, ular ortidan jiddiy choralar koʻrilmasa-da, rasmiy shaxslarni sergaklikka, poradan tiyilishga chaqirib turadi. Shuningdek, zamonaviy dunyoda noqonuniy harakatlar ommaviy axborot vositalari nazaridan chetda qolmasligini taʼminlaydi, korrupsiyani jilovlashga xizmat qiladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]