Ozodlik radiosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ozodlik Radiosidan yoʻnaltirildi)
Radio Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi
RFE RL building construction.jpg
Turi Notijoriy, nodavlat tashkilot
Faoliyati Yangiliklar, tahliliy maqolalar
Asos solingan yili 1949 (Radio Ozod Yevropa)
1953 (Ozodlik radiosi)
1976 (ikkisi birlashgan)
Joylashuvi Praga, Chexiya
Vebsayti www.rferl.org

Ozodlik radiosi, Ozodlik, Ozod Yevropa (ingl. Radio Free Europe/Radio Liberty, RFE/RL) — bir qancha Sharqiy Yevropa mamlakatlari hamda sobiq Sovet Ittifoqi respublikalariga eshittirishlar olib boruvchi notijoriy, nodavlat xalqaro radiostansiya. Ozodlik radiosi Sharqiy Yevropa, Oʻrta Osiyo va Oʻrta Sharq mamlakatlari haqida yangilik va maʼlumot berib boradi. Ozodlik radiosi 28 tilda, shu jumladan, oʻzbek tilida ham translatsiya qiladi. Hozirda Ozodlik radiosi Oʻzbekiston hududida toʻsilgan.

Ozodlik radiosiga Sovuq Urush paytida kommunizmga qarshi stansiya sifatida Germaniyaning Munhen shahrida asos solingan. 1949-yildan 1995-yilgacha stansiyaning asosiy binosi shu yerda boʻlgan. 1995-yil stansiyaning markazi Chexiya poytaxti Pragaga koʻchirilgan.

Tarixi[tahrir]

"Ozod Yevropa" korporatsiyasi (ingl. Free Europe, Inc.) 1949-yilda kommunistik mafkura taʼsiri ostidagi Sharqiy Yevropa davlatlarida roʻy berayotgan voqealar haqidagi xabar va reportajlarni efir orqali berish maqsadida tashkil etilgan. 1951-yilda aynan shu asoslarda Sovet Ittifoqi respublikalari uchun eshittirishlar olib borish maqsadida „Ozodlik radiosi komiteti“ (ingl. Radio Liberty Comnitee, Inc.) korporatsiyasi tashkil etilgan.

Ozodlik radiosi translatsiya qildagigan hudud (2009)

Har ikkala radiostansiya, asosan, AQSH Kongressi tomonidan Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) orqali mablagʻ bilan taʼminlanib kelingan, ayni paytda byudjetning muayyan qismi ayrim shaxslarning xayriyalaridan iborat boʻlgan. Radiostansiyalar faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash va nazorat qilish boʻyicha barcha majburiyatlar 1971-yilda Xalqaro radioeshittirishlar kengashi ixtiyoriga oʻtgach, MRB ushbu sohadagi oʻz ishtirokini toʻxtatgan.

Xalqaro radioeshittirishlarga ixtisoslashgan mazkur korporatsiyalar 1975-yil RFE/RL, Inc. (ingl. Radio Free Europe“/Radio Liberty, Incorporated) tarzida birlashtirildi.

Radioeshittirishlarning haftalik umumiy hajmi 800 soatni tashkil etadi. Mazkur radiostansiyalarning shtab-kvartiralari 1995-yilgacha Germaniyaning Munhen shahrida boʻlgan, 1995-yildan Chexiya Respublikasining Praga shahriga koʻchirilgan. Asosiy shtab-kvartirasidan tashqari, joylarda uning 24 byurosi faoliyat koʻrsatadi.

RFE/RL radiostansiyasi avvallari kommunistik tuzumga qarshi eshittirishlar tayyorlagan boʻlsa, 1991-yildan oʻz eshittirishlari yoʻnalishi va mazmunini quyidagilardan iborat deb hisoblaydi: demokratik va bozor munosabatlari sohasidagi islohotlarga aloqador ichki va mintaqaviy masalalar boʻyicha yangiliklar, tahliliy materiallar berib borish; demokratik qadriyatlarni targʻib qilish orqali fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga yordam berish; etnik va diniy kelishmovchiliklarni bartaraf etishga hissa qoʻshish va boshqalar.

Oʻzbek xizmati[tahrir]

Ozodlik radiosining oʻzbek xizmati 1953-yining 18-mart kuni Germaniyaning Munhen shahrida oʻz faoliyatini boshlagan.[1] Hozirgi kunda Ozodlik radiosining oʻzbek xizmati derektori Alisher Siddiqdir.

Tanqidi[tahrir]

Ozodlik radiosini davlat nashrlari tanqid qilib turadi. Radioning Toshkentdagi ofisi 2005-yil yopilgan. Hozirda Ozodlik radiosi Oʻzbekiston hududida toʻsilgan. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida radio haqida: "Ayni vaqtda „O.Ye.“/"O." xabarlarida „shov-shuv“ ketidan kuvib, voqea-hodisalarni buzib koʻrsatish, biryoqlamalik, „tirnoq ostidan kir qidirish“ holatlari ham uchrab turadi", deb yozilgan.[2]

Shuningdek qarang[tahrir]

Manbalar[tahrir]

  1. "Ozodlik radiosi oʻzbek xizmati 60 yoshda". Ozodlik radiosi. 12-mart, 2013. http://www.ozodlik.org/content/article/24926656.html. Qaraldi: 15-iyun, 2013. 
  2. "Ozodlik radiosi". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2000-2005. 59 b. http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=252. Qaraldi: 28-oktabr, 2015. 

Havolalar[tahrir]