Kabul tekstaylz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Kabul tekstaylz"dan yoʻnaltirildi)

"KABUL TEKSTAYLZ" - Jan. Koreyadagi korporatsiya. Aka-uka ishbilarmonlar Cha-Ka va Cha-Ol tomonidan 1950-yil da tashkil qilingan. Paxta tolasidan kalava ip, dagʻal ip, gazlama, satin, chit matolar ishlab chiqaradi. Bosh idorasi Seul sh.da. "K.t."ning xorijda 6 ta vakolatxonasi (AQSH, Germaniya, Xitoy, Shri Lanka, Gongkong , Oʻzbekistonda), Koreyada 3 ta korxonasi, xorijda 10 ta qoʻshma korxonasi bor. AQShda 1 (LosAnjelesda), Xitoyda 4, Tojikistonda 1 (Xoʻjand sh.da) va Oʻzbekistonda 3 (Toshkent, Toʻytepa, Fargʻona sh.larida) qoʻshma korxona tashkil qilingan (2002). Jan. Koreyadagi 3 ta korxonasida ip yigirish, toʻqimachilik, gazlamaga gul bosish jarayonlari bajariladi, yalpi quvvati 300 ming urchuqdan iborat. Ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi yiliga taxminan 200 mln. AQSH dollarini, har bir korxonada xodimlar soni 2000—2500 nafarni tashkil qiladi. Oʻzbekistonda qoʻshma korxonalarni tashkil qilish uchun Toʻytepadagi "Kabul-Toʻytepa LTD" qoʻshma korxonaga (1996-yilda ishga tushirilgan) 107 mln., Toshkent (Koʻkcha)dagi "Kabul-Oʻzbek" qoʻshma korxonaga (1999-yil) 114,9 mln., Fargʻonadagi "Kabul-Fargʻona" qoʻshma korxonaga (2001Y.) 115,0 mln. AKSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Toshkent, Toʻytepa, Fargʻonadagi korxonalarida ip yigiruv va toʻqimachilik f-kalari tashkil qilingan boʻlib, Toʻytepada 101760 urchuq, Toshkentda 115576 ta, Fargʻonada 110 mingdan ortiq urchuq oʻrnatilgan. Toʻquv fabrikalarida "Pikanos" rusumli dastgohlardan Toʻytepada 34 ta, Toshkentda 84 ta, "Vamateks" rusumli dastgohdan faqat Toʻytepadagi korxonada 96 ta oʻrnatilgan. Barcha qoʻshma korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulotlar: paxta tolasidan yigirilgan ip, spandeks bilan yigirilgan ip (10-nomerdan 40-nomergacha), dagʻal ip gazlama (100 g/m — 400 g/m gacha), dagʻal ip gazlama spandeks bilan (100g/m—400g/m gacha).

Toʻytepadagi korxona yiliga 21600 t, Toshkent va Fargʻona korxonalar 26500 t dan kalava ip ishlab chiqaradi. Dagʻal ip gazlama ishlab chiqarish boʻyicha yillik quvvatlar Toʻytepada 14 mln., Toshkent va Fargʻonadagi korxonalarning har birida 9,0 mln.m ni tashkil kiladi.

Oʻzbekistonda 3 qoʻshma korxona boʻyicha bir yilda sotiladigan mahsulot hajmi 150 mln. AQSH dollarini tashkil qiladi. Oʻzbekistonda qurilgan korxonalarda keyinchalik matolarga gul bosish va tayyor kiyim mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish moʻljallangan.

Sadir Salimov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil