Kontent qismiga oʻtish

Piskent

Piskent
shahar
40°53′57″N 69°20′33″E / 40.89917°N 69.34250°E / 40.89917; 69.34250
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Toshkent viloyati
tuman Piskent tumani
Aholisi
30 700
Vaqt mintaqasi UTC+5
Piskent xaritada
Piskent
Piskent
Piskent xaritada
Piskent
Piskent

Piskent – Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent viloyati Piskent tumanidagi shahar (1966-yildan), Tuman markazi. 1952-yilgacha qishloq.

Ohangaron daryosining oʻng sohilida. Yaqin temir yoʻl stansiyasi – Toʻytepa (14 km). Viloyat markazi (Toshkent shahri)dan 41 km. Aholisi 31,4 ming kishiga yaqin (2003).

Piskent (Biskat) – Toshkent vohasining eng qadimiy shaharlaridan biri. X asr geograflarining maʼlumotlarida u Iloq davlati tarkibiga kirgan. V. V. Bartold va M.Ye. Masson Piskentni Ohangaron daryosining chap sohilidagi (hozirgi Piskent shahri chekkasidagi) yodgorlik qoldiqlari bilan aynan bir, deb koʻrsatadilar. Piskentdan I asrga mansub qabristonlar (Piskent Mingtepasi) va V asrga oid novuslar topilgan.

Piskentning dastlabki qismi Pushti Mahmud tepaligi boʻlib, u VI-VII asrlarda shahar shakliga kira boshlagan. X-XII asrlarda ravnaq topgan. Shosh (Toshkent)dan Fargʻonaga oʻtgan savdo yoʻlining ustida qulay joylashganligi tufayli IX-X asrlarda bu yerda qadimiy tarixchilar tomonidan Biskat deb atalgan shaharcha paydo boʻlgan. XIII asr boshida moʻgʻul bosqinchilari Piskentni vayron qilganlar. XIII asr oʻrtalarida uning gʻarbiy chekkasi yana tiklangan boʻlsada, shahar kichrayib, qishloq darajasiga tushib qoldi. 14— XVI asrlarda Piskent temuriylar va boshqa hukmdorlar mulki tarkibiga kirgan. XVII asr oxiri va XVIII asrda shahar yana inqirozga uchraydi. Aholisi gʻarb tomonga koʻchib oʻtadi. Piskentning XIX asr da mudofaa devorlari va 4 darvozasi boʻlgan. Oʻsha davrda Piskent Qoʻqon xonligi tarkibiga kirgan.

Piskentda tuman hokimiyati binosi, maʼmuriy idoralar, paxta tozalash zavodi, „Kanop“ Uzbekistan—Chexiya qoʻshma korxonasi, gʻisht ishlab chiqarish sexlari, „Piskentsifat“ brezent tikish korxonasi, metall quymalar tayyorlovchi „Mehnat“ aksiyadorlik jamiyati, yaxna ichimliklar sexi, non ishlab chiqarish korxonasi, mebel ishlab chiqarish kichik korxonasi faoliyat koʻrsatadi.

Keyingi yillarda shaharda dehqon bozori, „Saodat“ tantanalar uyi, „Sogʻlom avlod“ tayanch punkti, 150 oʻrinli tugʻruqxona, yuzlab savdo doʻkonlari va maishiy xizmat koʻrsatish sho-xobchalari qurildi.

Markaziy yoʻllar Piskentni Toshkent, Olmaliq, Ohangaron va boshqa shahar va tumanlar bilan bogʻlaydi. Shahar yaqinida Toshkent suv ombori joylashgan.

Piskent Olmaliq shahri bilan uzviy bogʻlangan. Olmaliqdan Piskentga sanoat mollari, Piskentdan Olmaliqqa esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkaziladi.

  • Bobur Z. M., „Boburnoma“, T., 1958; Bartold V. V., „Turkestan v epoxu mongolskogo nashestviya“, Soch.t. 1,M., 1963; Massoy M.Ye., Axangeran, Arxeologo-topograficheskiy ocherk, T., 1953, Burya-kov Yu. F., Genezis i etapi razvitiya gorodskoy kulturi Tashkentskogo oazisa, T., 1982.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil