Oʻgʻuzlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'g'uzlardan yoʻnaltirildi)

Oʻgʻuzlar (arab. va turk. Oğuzlar, Oğuz) — turkiyzabon qabilalarning 2 guruhi. 1) Toʻqqiz Oʻg'uz qabila ittifoqi; 8-asr o'rxun-enasoy yozuvlarida qayd etilgan. 7-asr boshida Turk xoqonligi tarkibida paydo boʻlgan. 744—45 yillarda Turk xoqonligi tormor etilgach, hozirgi MXR hududida oʻz davlatlarini tuzgan uygʻurlar qabila ittifoqida yetakchi mavqega ega boʻlishgan. 840—866 yillarda qirgʻizlar tomonidan siqib chiqarilgan toʻqqiz Oʻ. hozirgi Sintszyan va Gansu viloyatiga koʻchib oʻtishgan, Guanchjou davlati va Turfon davlatini (850—1250) barpo etganlar; bu yerda toʻqqiz Oʻ. nomi uygʻur etnonimi bilan almashgan. 2) 9—11-asrlarda Orol va Kaspiy dengizi boʻylaridagi koʻchmanchi va yarim oʻtroq qabilalar ittifoqi (gʻuzlar); Yangikent Oʻ. yabgʻusi qarorgohi boʻlgan. 11-asrning 50—60-yillarida Oʻ.ning bir qismi Yaroslav Mudriyning oʻgʻillari tomonidan tormor qilinib, Kiyev knyazlarining vassallari sifatida Ros daryosi boʻylariga joylashganlar; Sirdaryo Oʻ.ining boshqa qismi 10—11-asr boshida Buxoro va Xuroson yerlari tomon siljiganlar. 1040-yildan soʻng saljuqiylar bosh boʻlgan Oʻ. Gʻarbiy Osiyo mamlakatlarini bosib olganlar. 11 — 13-asrlarda Oʻ. etnonimi Oʻrta Osiyo va Eronda turkman, Yaqin Sharqda esa turk etnonimi bilan almashgan. Oʻ. turkman, ozarbayjon, turk hamda gagauz va qoraqalpoqlar etnogenezida muhim rol oʻynagan. Oʻ.ning epik asarlari ("Kitobi dadam Qoʻrqut", "Oʻgʻuznoma") saqlanib qolgan.

Saljuqiylar davlatini tuzgan saljuqlar asli oʻgʻuz bolishgan, shu bilan birga hozirgi kunda turklar turkmanlar, ozarbayjonlar hamda Anatoliya turklarining avlodlari ham oʻgʻuzlardir.

10-asrdan boshlab o'g'uzlar Islom dinini qabul qiladilar.

Oʻgʻuzlarning ajdodlari oʻzbeklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar, boshqirdlar, tatarlarni ham etnogenezida katta rol oʻynashgan.