Nikolay Ostroumov
Nikolay Petrovich Ostroumov (1846.15.2, Tambov guberniyasi — 1930.17.2, Toshkent) — Turkistonda faoliyat koʻrsatgan rus missioneri, sharqshunosi, etnografi. Qozon diniy akademiyasida oʻqigan (1866—70). 1877-yildan Toshkentda yashagan. Xalq bilim yurti inspektori, Oʻqituvchilar seminariyasi (1879-yildan) va Erlar klassik gimnaziyasi direktori (1889). Ayni vaqtda "Turkestanskaya tuzemnaya gazeta" ("Turkiston viloyatining gazeti") muharriri (1883—1917). Oktyabr toʻntarishidan soʻng sovet idoralarida ishlagan. Oʻlkashunoslikka oid koʻpgina ilmiy asarlar muallifi. Oʻzbekiston xalqining hayoti va turmush sharoitini yaxshi bilgan. Ayrim asarlari Toshkent shahriga bagʻishlangan: "Toshkentdan Samarqandgacha, 1901; "Toshkent shahrining soʻnggi Shayxulislomi va qozi-kaloni aka-uka Oyxoʻja va Hakimxoʻjalar", 1915 va boshqa Toshkent hududida arxeologik kuzatishlar olib borgan (sobiq Nikiforov yerlarida, Shohnishintepa va boshqalar). Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragining tashkilotchilaridan va faol aʼzolaridan boʻlgan. Ostroumov tashabbusi va ishtirokida A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy asarlari dan namunalar oʻzbek tiliga tarjima etilgan. Mahtumquli, Muqimiy, Furqat va boshqa shoirlarning asarlarini markazii va mahalliy matbuotda chop ettirgan. oʻzbek folklori namunalari (ertak, maqol va matallar)ni toʻplagan va nashr ettirgan. Shu bilan birga Ostroumov monarxizm va pravoslav missionerligi ruhida tarbiyalangan boʻlib, Rossiya imperiyasi tarkibida yashagan xalqlarni ruslashtirish siyosati tarafdori boʻlgan. Nikolay Ostroumov o'zbek jadidlari tomonidan tashkil etilgan ko'plab gazeta va matbuot nashrlaridan xavotirga tushib, oq podshoga bildirishnoma yozib Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan gazeta va matbuot nashrlarini man etib, nashriyotlarini yopdirishni talab qiladi va bunga erishadi. Ostroumovning ushbu urinishlari natijasida o'zbek jadidlariga tegishli "Taraqqiy", "Xurshid", "Shuhrat", "Osiyo ro'znomalari" gazetalari yopdirilib yuboriladi. [1]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() |