Kontent qismiga oʻtish

Naim Karimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Naim Karimov
Tavalludi 12-dekabr 1932-yil
Toshkent
Vafoti 17-sentyabr 2023-yil(2023-09-17)
(90 yoshda)[1]
Toshkent
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Mukofotlari Oʻzbekiston fan arbobi

Naim Karimov (1932-yil 12-dekabr2023-yil 17-sentyabr) — oʻzbek adabiyotshunosi, jamoat arbobi. Naim Fatihovich Karimov 1932-yil 12-dekabrda Toshkentda ziyoli oilada tugʻildi. Oʻzbekistan Respublikasi fan arbobi (1996). Filologiya fanlari doktori (1993), professor (1994). U 1955-yilda SAGU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti bilan uzviy bogʻliq. Sal kam ellik yildan beri shu institutda ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim, boʻlim boshligʻi boʻlib ishlaydi. Naim Karimov XX asr oʻzbek adabiyoti xususiyatlarini ochish borasida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. U shu davrdagi oʻzbek adabiyoti va uning yirik vakillari ijodini milliy gʻoya mezonlari asosida oʻrganish ishini birinchilardan boʻlib boshlab berdi. Uning ilmiy faoliyatida adabiyot hodisalarini tarixiy voqealar, badiiy asarni esa yozuvchi hayoti va maʼnaviy-estetik olami bilan uzviy aloqada oʻrganish ustuvorlik qildi. Chunonchi, jadid adabiyoti, uning hur fikrli, adolatparvar vakillari Hamza, Fitrat, Choʻlpon va boshqalar ijodi haqidagi kitob, maqolalar muallifi. Matnshunos sifatida Oybekning 20, Gʻafur Gʻulomning 12, Hamid Olimjonning 10, Hamzaning 5 jildli toʻla asarlarini tayyorlash va nashr etishda ishtirok etgan.

Naim Karimov mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish boʻyicha jamoatchilik komissiyasi raisi (1999-yildan beri) sifatida Toshkentda Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasini bunyod etish (2001), shuningdek, Qatagʻon qurbonlari muzeyini tashkil qilishda (2002) jamoatchilik ishlarini amalga oshirdi.

Naim Karimov 2023-yilning 17-sentyabrida Toshkent shahrida vafot etgan[2].

Naim Karimov „Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi“ bosh tahrir hay’ati aʼzosi (1997), Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1985). U Oʻzbekiston Davlat fan arbobi (1996), „El-yurt hurmati“ ordeni sohibi, Birinchi darajali davlat mukofoti" (2022), filologiya fanlari doktori (1993), professor (1994), akademik (2017)