Musulmonqul madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Musulmonqul madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Andijon viloyati
Shahar Andijon
Maktab yoʻnalishi sunniy
Madrasa turi Katta madrasa
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Musulmonqul
Homiylar Xudoyorxon
Binokorlik 18361845
Hujralar soni 23

Musulmonqul madrasasi — Andijonda qurilgan madrasa. Qoʻqon xonligi mingboshisi Musulmonqul tomonidan qurdirilgan[1].

Musulmonqul Sheralixon, Xudoyorxon hukmronligi davrida xon saroyida yetakchi amaldorlardan bo‘lgan. Ishbilarmon, tadbirkor inson bo‘lgan. Sheralixon davrida mingboshilik lavozimiga koʻtarilgan. Musulmonqul 13 yoshli Xudoyorxonga qizini nikohlab berib, Murodxonni fitnachi sifatida qatl ettiradi. Kuyovini xon deb eʼlon qiladi. Saroyda mingboshi va otaliq lavozimini egallagan. Musulmonqul Andijonda katta madrasa barpo etib, unga katta miqdorda vaqf mulki in‘om qilgan. Musulmonqul o‘z nomidagi madrasaga to‘tta vaqfnoma bo‘yicha vaqf mulklari ta‘sis etgan. 1-vaqfnoma Maygir volostining Chuvama qishlog‘idagi yerlaridan, 2-vaqfnoma shu qishloqning Boysaqol degan joyidagi yerlarini, 3-4-vaqfnomalarda Yorboshi volostining Nayman degan joyidagi yerlarni madrasaga vaqf qilib bergan. Madrasa qurib bitkazilgach, 1845-yili faoliyat yuritishi uchun vaqf mulklari berilgan. Madrasa xom gʻishtdan qurilgan, 23 hujradan iborat boʻlgan. Madrasaning bir darsxonasi, darvoza ustida yana bir xonasi va ayvoni boʻlgan. Gʻarb tomoni Musulmonqul qoʻl ostidagi yerlar va qisman katta soy bilan, shimoli esa Xushboʻta bahodir yeri bilan chegaradosh boʻlgan.

Madrasa tarkibida ayvon borligi juma va hayit namozlarida atrofdagi xonadonlarning namoz yoshidagi erkaklari chiqqanda, odam koʻpayib ketgan vaqtlarda namoz oʻqishga moʻljallangan. Darvoza yuqorisida qurilgan hujradan talabalar koʻpayib, hujralar yetmay qolsa foydalanilgan.

Vaqfnomada Musulmonqul mingboshi tomonidan madrasaga vaqf qilingan yerlarni boshqarish va daromadlardan foydalanish shartlari belgilangan. Vaqfni boshqaradigan mutavalli vaqfni ehson qiluvchining oʻzi, uning vafotidan keyin avlodidan kimdir boʻlishi shart qilib koʻrsatilgan. Vaqf daromadining oʻndan bir qismini mutavalli olishi, zarurat tugʻilganda madrasani taʼmirlashi. Keyingi uch qismi mudarrisga va 6 qismdan bir qismini ikkiga boʻlib, bir qismini imomga, boshqa qismini muazzinga, xizmatkorlar (farrosh, sartarosh) ga va qolgan besh qismini madrasa talabalari oʻrtasida oliy, oʻrta, quyi darajalar boʻyicha boʻlib berish belgilangan[2].

Madrasaning vaqf daromadi yaxshi boʻlganligi uchun mudarrislar, talabalar soni ham yuqori boʻlgan. Musulmonqul madrasasida 6 nafar mudarris 90 talabaga dars bergan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Шодмон Воҳидов. Қўқон хонлиги тарихи (хонлик тарихи – манбаларда), 2014 — 52 bet. 
  2. I.Alimov. Qo'qon xonligi maktab va madrasalari tarixi. Toshkent, "Fan", 2017 — 144 bet. ISBN 978-9943-19-405-2.