Musulmonqul

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Musulmonqul (taxminan 1794—1852) — Qoʻqon xonligidagi qipchoqlar rahbari. 1844-yilgacha Andijonda qoʻshinlar boshligʻi (botirboshi). 1847-yildan mingboshi. Qoʻqonni Buxoro amiri Nasrulloxon hujumidan mudofaa etish rahbarlaridan biri (1842). Asli qipchoqlarning qulon urug'idan bo'lgan[1]. Qoʻqon xoni Sheralixonning soliq siyosatiga qarshi xonlikning qator tumanlarida qoʻzgʻolonlar koʻtarilgan. 1845-yil Oʻshdagi qoʻzgʻolonni bostirish uchun Musulmonqul yuborilgan. Uning yoʻqligidan foydalangan Murod (Olimxonning oʻgʻli) Sheralixonni oʻldirib, oʻzini xon hamda Buxoro amirining noibi deb eʼlon qilgan. Qoʻqonliklar bundan norozi boʻlib, uni qoʻllab-quvvatlamaganlar. Musulmonqul bu voqealardan xabardor boʻlib, qizini Sheralixonning oʻgʻli Xudoyorxonga turmushga beradi va u bilan birga Qoʻqonga kelib, bir necha kungina xon boʻlgan Murodni oʻldiradi, yosh Xudoyor xon deb eʼlon qilinadi. Musulmonqul esa muvaqqat hokim boʻladi. Shu davrdan boshlab Qoʻqonda faqat qipchoqlarning hukmronligi boshlanadi. Musulmonqul xonning yoshligidan foydalanib, xonlikni deyarli mustaqil ravishda oʻzi boshqaradi. 1852-yil fargʻonalik mulkdorlar toshkentliklar yordamida qipchoqlar hokimiyatiga qarshi qurolli kurash boshlashgan. Bilqillama jangida (Farg'onaning sharqida) qipchoqlar yengilgan. Musulmonqul shu jangda oʻldirilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Bobobekov h., KOʻqon tarixi, T., 1996; Beysembiyev T. K., "Tarixi -i LLJaxruxi" kak istoricheskiy istochnik, Alma-Ata, 1987.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Муҳаммад Юнус Тойиб. Тарихи Алиқули амирлашкар. Туҳфайи Тойиб
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil