Miltiq

Miltiq — oʻq otish quroli. Ov va harbiy ishda qoʻllanadi. Dastlabki Miltiq 12-asrda arablarda paydo boʻlgan. Miltiq yogʻoch dastaga mahkamlangan stvol (quvur)dan tuzilgan. Qadimgi Miltiqlar pilta bilan oʻt oldirilgan (shuning uchun oʻzbeklar orasida "pilta miltiq" deb atalgan). 14-asrda Yevropada silliq stvolli Miltiqlar ishlab chiqarilgan. 16-asr birinchi yarmida Ispaniyada mushket deb ataluvchi birmuncha tez oʻqlanadigan Miltiq ishlab chiqarildi. 17—18-asrlarga kelib oʻyiq stvolli Miltiq yaratilgan. 19-asrda tepki, piston va metall patronning ixtiro qilinishi Miltiqni oʻqlash tezligini birmuncha oshirdi. 1868-yildan boshlab Rossiyada patron gilzasini mexanik ravishda chikarib tashlaydigan zatvorli Miltiq qoʻllandi (qarang Berdanka). 19-asrning 2-yarmida magazin ixtiro qilingach, Miltiqni oʻqlash tezligi ancha oshdi. 1891-yil rus qurolsozi S. I. Mosin yaratgan Miltiq na-munasi Birinchi jahon urushi, Rossiyada fuqarolar urushi davrida keng qoʻllandi. 1930-yil mazkur Miltiq baʼzi oʻzgarishlar bilan qayta ishlab chiqarildi va 7,62 mm li Miltiq degan nom oldi. Bu Miltiq magaziniga 5 patron joylangani uchun u oʻzbeklar orasida "beshotar" deb atalgan. Uning otish tezligi minutiga 10—12-marta, moʻljalga olish va otish masofasi 2000 m; aniq otish masofasi 400 m gacha; ogʻirligi 4 kg (nayzasi bilan 4,5 kg). Optik pritsel oʻrnatilganda 800 m gacha masofadagi nishonni bexato urishi mumkin. Hozir Miltiqlardan, asosan, ov qilishda foydalaniladi.[1]
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Qurol-aslahalar haqidagi ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |