Metafizika (Aristotel)
|
| |
| Asl nomi | Τά μετά τά φυσικά |
|---|---|
| Muallif(lar) | Aristotel |
| Janr(lar)i | Traktat |
Metafizika (Qadimgi yunoncha: τὰ μετὰ τὰ φυσικά – „tabiiy olamda mavjud narsalar (fizika) dan keyingi narsalar“; lotincha: Metaphysica) – Qadimgi yunon faylasufi Aristotelga tegishli asosiy asarlardan biri boʻlib, mazkur kitobda muallif shu nom bilan ataluvchi falsafa yoʻnalishiga asos solgan. Asar oʻn toʻrt kitobdan iborat boʻlib, u Rodoslik Andronik tomonidan toʻplangan va ularda turli xil ibtidolar toʻgʻrisida qarashlar ilgari suriladi. Shuningdek, mazkur asarda Borliq, turli sababiyat koʻrinishlari, shakl va materiya, matematik obyektlarning mavjudligi va Kosmos toʻgʻrisida fikr yuritiladi.
Umumiy maʼlumot
[tahrir | manbasini tahrirlash]Metafizika eng buyuk falsafiy asarlardan biri hisoblanadi. Mazkur asarning qadimgi yunonlarga, musulmon faylasuflariga, Sxolastika maktabi vakillariga va xattoki Dante Aligyeri kabi yozuvchilarga taʼsiri ulkandir.[1] Unda asosan Platonning gʻoyalar nazariyasi tanqid qilingan boʻlib, Platon Aristotelning ustozi boʻlgan va mazkur nazariyada keltirilgan taʼriflashning dialektik metodini materiya uchun ham, oʻzgarish uchun ham qoʻllab boʻlmasligi uning Aristotel tomonidan tanqid qilinishiga sabab boʻlgan. Aristotelning fikricha, Demokrit va boshqa atomistlarning „fizik metodi“ esa muammolar va faktlarga ilmiy yondashuvni oʻzida aks ettirgan, biroq ular ham taʼriflarning mohiyatini toʻla oʻzida aks ettira olmagan. Bu esa narsalarning mohiyatini moddiy spekulyatsiyalar bilan cheklab qoʻygan va unda narsalar orasidagi sababiy bogʻlanish zanjiri yakunda sof tasodifga bogʻliq ekanligi ilgari surilgan. Aristotel oʻzining „Metafizika“ asarida yuqoridagi ikki metodning yaxshi tomonlarini birlashtirish ilinjida edi. Uning metafizikasi falsafani matematika darajasiga tushirib qoʻyuvchi Platon dialektik idealizmiga ham, uni fizika darajasiga tushirib qoʻyuvchi Demokrit materializmiga ham qarshi qaratilgan edi. Aristotelning dunyoqarashi tabiiy tillar, kundalik ong va tabiatshunoslik sohasidagi bilimlarni tahlil qilishga asoslanadi. Natijada esa empirik fanlardagi naturalizm bilan til, ontologiya va epistemologiya sohalaridagi tanqidiy tafakkur koʻrinishlari birlashtirilgan va bu ikki ming yildan koʻproq vaqt mobaynida jahon ilm-fani rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib keldi.[2]

Tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Birinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aristotel Metafizikaning Birinchi kitobini „Barcha insonlar tabiatan bilimga intiladi“ deb boshlaydi, chunki insonlar, faylasufning fikricha hissiyotlarga (αἰσθήσεων) intilishadi. Bilim manbasi hissiyot va xotiradir; ular birlashib tajribani (ἐμπειρία) yuzaga keltiradi. Qobiliyat – yaʼni umumiy bilimlar aynan tajriba ustiga quriladi. Biroq amaliy tajriba yoki koʻnikma – bu oliy boʻlmagan bilim shaklidir (ἐπιστήμη). Faqatgina chinakam bilim – yaʼni ibtido va sabablarni bilishni nazarda tutuvchi donishmandlik (σοφία) oliy bilim boʻlishi mumkin. Aristotel odatda koʻp narsani biladigan insonlarni donishmand deyilishini yozadi, lekin, faylasufning fikricha, barcha narsani bilish mumkin emas, faqat barcha narsaning kelib chiqish sababinigina bilish mumkin. Aynan faylasuflar avvalboshdan barcha narsalarning kelib chiqishi sabablari bilan: Olamning kelib chiqishi, yaxshi va yomon narsalarning kelib chiqishi sabablari bilan qiziqishgan. Shunday bilimni u ilohiy deb ataydi. Metafizikaning Birinchi kitobining toʻrtinchi bobida u barcha narsalarning kelib chiqishining toʻrt sababini sanab oʻtadi. Bular:
Mohiyat (οὐσία – usia)
Materiya (ὕλη – hyule)
Ibtidoiy harakat (ἡ ἀρχὴ τῆς κινήσεως – xe arxe tes kineseos)
Ezgulik (ἀγαθόν – agatxon)
Aristotel oʻzidan oldin oʻtgan faylasuflarni moddiy kelib chiqishga haddan ortiq urgʻu berganlikda ayblaydi. Bunga misol sifatida Falesning suvga, Anaksimenning havoga, Geraklitning olovga va Empedoklning toʻrt elementga urgʻu berishini keltirish mumkin. Ibtidoiy harakatga misol sifatida u aql, doʻstlik va dushmanlikni keltiradi. Shuningdek, Aristotel Birinchi kitobda Pifagorchilar taʼlimotini ham koʻrib chiqadi.
Ikkinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ikkinchi kitobda Aristotel falsafani haqiqat toʻgʻrisidagi bilim (ἐπιστήμη τῆς ἀληθείας), deb taʼriflaydi, zero har qanday bilimdan haqiqat maqsad sifatida koʻzlanadi.
Uchinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uchinchi kitobda Aristotel sabablarni bilishdagi mushkulotlarga eʼtiborimizni qaratadi: narsalarda mohiyat mavjudmi, agar shunday boʻlsa ular qayerda boʻladi? Faylasuf shuningdek insonlarning Xudolar toʻgʻrisidagi qarashlarini ham tandiq qiladi va oziqlanuvchi mavjudotlar abadiy boʻlishi mumkin emasligini aytib oʻtadi.
Toʻrtinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toʻrtinchi kitob mohiyat tushunchasiga bagʻishlangan. Aristotel mazkur soʻz bilan jismlar, elementlar va sonlar nazarda tutilishi mumkinligini qayd etib oʻtadi.
Beshinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Beshinchi kitob harakatning ibtidosiga bagʻishlanadi. Aristotel fikricha barcha sabablar oʻzida ibtidoni aks ettiradi. Bu yerda u ajralmas tarkibiy qismlar boʻlmish elementlar toʻgʻrisida va tabiat toʻgʻrisida mushohada yuritadi. U oddiy tanalar ham mohiyat sifatida koʻrilishi mumkinligini qayd etib oʻtadi. Mazkur kitobning 12-bobida harakatning ibtidosi sifatidagi qobiliyat yoki imkoniyat tushunchasi ochib beriladi.
Oltinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oltinchi kitobda faylasuf uch turdagi mushohada yuritish (spekulyativ bilim) turi: matematika, fizika (yaʼni tabiatshunoslik) va ilohiy mavjudotlar toʻgʻrisidagi taʼlimot (φιλοσοφίαι θεωρητικαί, μαθηματική, φυσική, θεολογική) haqida yozadi.
Yettinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yettinchi kitobda Aristotel mohiyat toʻgʻrisidagi fikrlarini davom ettiradi.
Sakkizinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sakkizinchi kitobda u ibtidolar toʻgʻrisidagi mushohadalariga yana qaytadi va mohiyatlarning sabablari va elementlari toʻgʻrisida fikr yuritadi. Aristotel moddiyatga, yaʼni jismoniy tanaga ega boʻlgan mohiyatlar ancha bahs-munozarali ekanligini aytadi. Uning fikricha, Narsalarning shakli narsalarning oʻzidan faqatgina tafakkur orqali ajratilishi mumkin.
Toʻqqizinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toʻqqizinchi kitobda Aristotel imkoniyat va voqelik (amalga oshganlik) toʻgʻrisida yozadi. Imkoniyatlar esa oʻz navbatida tugʻma va orttirilgan turlarga boʻlinadi.
Oʻninchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻninchi kitob uzviy yoki toʻliq boʻlgan yagona mohiyat toʻgʻrisidagi qarashlarga bagʻishlangan.
Oʻn birinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻn birinchi kitob ibtidolar haqidagi fan sifatidagi donishmandlikni (ἐπιστήμη) uchun bagʻishlangan. Aristotel alohida jismlarni umumiy tushunchalar bilan solishtiradi va tushunchalarning haqiqiyligi masalasini qoʻyadi. U shuningdek yuzaga kelish va yoʻqolish kabi oʻzgarish turlarini ham koʻrib hciqadi. Mazkur kitobda u yetti kategoriyalar: mohiyat (οὐσία), sifat, makon (τόπος), harakat, azoblanish, munosabat va miqdor kabilarni koʻrib chiqadi.
Oʻn ikkinchi kitob
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻn ikkinchi kitobda Aristotel oʻz oldidagi tadqiqot predmeti mohiyat ekanligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, mohiyat turlicha talqin qilinishi mumkin. Qadimgilar stixiyalarni mohiyatga kiritishgan boʻlsa, zamondoshlari umumiy, yoki tur tushunchalarini mohiyatga kiritishayotganini yozadi. Keyinroq u harakatsiz, cheksiz sabab, Xudo yoki Aql (Nus) boʻlmish ibtidoiy dvigatel haqida yozadi va uning maqsadi voqelikda Ezgulik va tartibga intilish ekanligini yozadi.
Oʻn uch va Oʻn toʻrtinchi kitoblar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻn uch va Oʻn toʻrtinchi kitoblar goʻyoki narsalardan tashqarida mavjud boʻluvchi Eydoslar va raqamlarni tanqidiga bagʻishlanadi. Aristotel ham, Platon singari goʻzallik (καλόν) va ezgulikni (ἀγαθόν) bir-biridan farqlaydi, zero ularning birinchisi harakatsiz narsalarga xos boʻlsa, ikkinchisi esa harakat uchun xosdir. Biroq, oʻz ustozidan farqli oʻlaroq, u mazkur ikki mohiyatni bir-biriga qarshi qoʻyadi.[3]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ S. Fazzo, ʻSì come rota ch’igualmente è mossaʼ. Dalla Metafisica di Aristotele al Paradiso di Dante, Storie e linguaggi, Vol 4, N° 2 (2018)
- ↑ Losev A. F. Kritika platonizma u Aristotelya (perevod i kommentariy XIII-y i XIV-y knigi „Metafiziki“ Aristotelya). M., 1929.
- ↑ Metafizika. / Per. A. V. Kubitskogo. M.-L.: Sotsekgiz. 1934. 348 str. 10000 ekz. Qayta nashr: Aristotel. Sochineniya. V 4 t. T. 1. M., 1975. (perevod peresmotrenniy) Qayta nashr: Aristotel. Metafizika. – M.: izd-vo Eksmo, 2006. – 608 s. – (Antologiya misli). (perevod v redaksii 1934 g.)