Sxolastika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sxolastika (yun. scholastikos — maktabga, olimga oid) — diniy dunyoqarashni nazariy asoslashga intiluvchi diniy falsafa. Oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada taraqqiy etgan. U ilohiyotaqida asoslarini ratsionalistik metodika va formal mantiq masalalari ("masala talashish") bilan bogʻlaydi. S.ning asosiy maqsadi — dinni ximoya qilish. Sxolastlar Platon, Aristoteliing taʼlimotlarni oʻz maqsadlariga moslashtirib, xristianlik aqidalarini asoslash yoʻlida talqin etishgan. S. bir necha davrga boʻlinadi. Ilk S (11 —12-a.lar) Ioann Skot Eriugena, Anselm Kenterberilik taʼsirida boʻlgan. Xudoni tabiat bilan, yaratuvchini yaratilgan bilan aynanlashtirish Eriugena taʼlimotiga xos edi. Shu sababli cherkov hukmdorlari Eriugena kitoblarini "soʻnggi nusxasigacha yoqib tashlash"ga fatvo berishgan. Universaliyalar xususidagi bahsda sxolastik realizm (Gilom)ga nominalizm (Rosselin), shuningdek, konseptualizm (Abelyar) qaramaqarshi turadi. Yetuk S. (12— 13-a.lar) Buyuk Albert va Foma Akvinskiyning xristian aristotelizmi va averroizm (Siger Brabantskiy va boshqalar) boʻlib, u asosan Parij universitetida keng yoyilgan. Keyingi S. (13—14-a.lar) vakillari — Ioann Dune Skot, U. Okkam. S.ga Uygʻonish davri gumanistlari qarshi chiqqanlar. Ularning taʼsirida S. oʻzining mafkuradagi ustuvor mavqeini yoʻqota boshladi. S.ning yangidan jonlanishi, ayniqsa, Ispaniyada jonlanishi (16—17-a.lar, F. Suares, M. Molina) kontrreformatsiya bilan bogʻliqdir. Koʻchma maʼnoda S. — hayotdan ajralib qolgan, behuda, mavgʻum fikr yuritish.