Medichi chinnisi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Orqa tomoniga Medichi ustaxonasining belgisi tushirilgan idish

Medichi chinnisi — 16-asr oxirida Florensiyada, Franchesko I Medichi homiyligidagi ustaxonada amalga oshirilgan, Yevropaliklar tomonidan chinni ishlab chiqarishdagi birinchi ishonchli va muvaffaqiyatli tajriba.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xitoydan olib kelingan asl chinni mahsulotlari Yevropa mamlakatlarida oʻta yuksak baholanar, ammo ularni ishlab chiqarish usuli boshqalardan qattiq sir tutilardi. Yevropada yuqori sifatli chinni ishlab chiqarilishining ommalashish jarayoni 18-asrda boshlangan boʻlsa-da, chinni ishlab chiqariluvchi shaxsiy ustaxona ochishga urinishlar undan avvalroq ham boʻlgan.

Jorjio Vazarining maʼlum qilishicha, Florensiya ustaxonasidagi tajribalar 1568-yilda boshlangan, birinchi muvaffaqiyatli tajriba haqida esa 1575-yilda Venetsiya elchisi Andrea Gussoni maʼlum qilgan. Gussoni Franchesko Medichining chinni ishlab chiqarish usulini kashf etgani haqida xabar bergan[1], uning sifatlari: shaffofligi, qattiqligi, yengilligi va nafisligiga ishora qilgan[2]. Gussonining soʻzlariga koʻra, usulni kashf qilish uchun oʻn yil vaqt kerak boʻlgan.

Medichi ustaxonasining mahsulotlari tijoriy savdo uchun moʻljallanmagan, ammo diplomatik sovgʻa sifatida, masalan, Ispaniya qiroli Filipp II ga taqdim etilgan.

Xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Medichi ustaxonasida tayyorlangan tekstura detallariga ega bilan chinni idish

Medichi chinnisi — kukun koʻrinishidagi dala shpati, kalsiy fosfat, vollastonit va kvartsni oʻz ichiga olgan yumshoq chinni. Oʻsha davr mayolikasiga xos boʻlgan shakllar barcha turdagi guldonlar, laganlar, koʻzalar, shu jumladan boʻyni ingichka idishlarni oʻz ichiga olgan.

Medichi chinnisining rangi va bezaklarida asosan Xitoyning anʼanaviy oq va koʻk sopollaridan nusxa olingan, ammo namunalar orasida Iznikning turk kulolchiligiga xos boʻlgan naqshlarni ham topishingiz mumkin. Mahsulotlarning orqa tomoniga Brunelleski gumbazi koʻrinishidagi belgi qoʻyilgan.

Medichi ustaxonasi mahsulotlarida ishlab chiqarish jarayoniga xos koʻplab kamchiliklar yaqqol koʻrinadi, haddan tashqari noziklik, sirdagi pufakchalar va yoriqlar, noaniq naqshlar va ularni tuzatishga urinishdan qolgan izlar, toblash natijasida hosil boʻlgan oʻta yorqin yoki xira ranglar shular jumlasidan edi. Ustiga-ustak mustaqil ravishda chinni ishlab chiqarish jarayoni juda qimmatga tushdi va Franchesko vafotidan keyin ustaxona ishi tugatildi[3]. Oʻtgan vaqt davomida hammasi boʻlib 300 ga yaqin buyum tayyorlangan, ulardan bir necha oʻntasi bugungi kunga qadar saqlanib qolgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Marco Spallanzani, Ceramiche alla Corte dei Medici nel Cinquecento, (Pisa: Scuola Normale Superiore, and Modena: Franco Cosimo Panini, 1994), p. 69.
  2. Cristina Acidini Luchinat, The Medici, Michelangelo, and the Art of Late Renaissance Florence exhibition catalogue, Florence, 2002, cat. nos 101-05, pp 247ff.
  3. Cristina Acidini Luchinat, p. 248.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • G. Cora va A. Fanfani, La porcellana dei Medici. Milan, 1986-yil.
  • Juzeppe Liverani, Katalog delle porcellane dei Medici, Faenzadagi Piccola Biblioteca del Museo delle Ceramiche seriyasida: II (Faenza), 1936-yil.
  • Artur Leyn, Italiya chinni. London, 1954-yil.