Chinni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Chinni (chin soʻzidan) — suv, gaz va elektr oʻtkazmaydigan, oʻtga chidamli, jarangdor, asosan, oq rangli (yupqasi yorugʻlik oʻtkazadigan) mahsulot; keramikaning nafis turi. Maxsus tuproq (Ch. gili), kaolin, kvars, dala shpati va boshqa xom ashyolar aralashmasidan tayyorlanadi. Ch.dan roʻzgʻor buyumlari (choynak, piyola, kosa, likopchalar, laganlar), bezak buyumlari (guldon, haykalcha va boshqalar), meʼmorlik detallari, sanitariyagigiyena buyumlari ishlanadi, kislotalar taʼsiriga chidamli (ftorid kislotadan tashqari) boʻlganidan kimyo sanoatida, elektr utkazmasligi tufayli radiotexnika va elektrotexnikada foydalaniladi.

Sifati jihatdan nafis Ch . (turkcha farfur, forscha — fagʻfur; eng sifatli Ch. tayyorlangan qad. Xitoy viloyatining nomi), dagʻal Ch . (fayans, italyancha — Faens; yirik keramika markazi boʻlgan shaharning nomi), texnik, xujalik, sirlangan va sirlanmagan Ch. farqlanadi. Nafis Ch.ning suvni singdirishi 0,5% gacha. Dagʻal Ch. nafis Ch.ga nisbatan sergʻovakligi, suvni koʻproq singdirishi (9—12% gacha) bilan farq qiladi, shuning uchun ham u sirlanadi. Nafis Ch. ham, dagʻal Ch. ham bir xil xom ashyolardan tayyorlanadi (tarkibi: oq gil va kaolin 45—50%, kvars qumi 25—35%, dala shpati 12 — 25%, boʻr 0 —10%, chinni siniqlari 5—15%), faqat tayyorlash texnologiyasi har xil boʻladi. Ch.ning qattiq va yumshoq turlari ham bor. Idishlar yasashda, texnika va sanoatda qattiq Ch. ishlatiladi, badiiy va bezak Ch. mahsulotlari yumshoq Ch. dan tayyorlanadi. Qattiq Ch. yumshoq Ch.ga nisbatan chidamliroq, xom ashyosi tarkibida tuproq koʻproq (45— 60%) boʻladi, shuning uchun ham yumshogʻiga nisbatan yuqori trada (yumshogʻi 1300° gacha, qattigʻi 1450°gacha) pishiriladi. Ch. mahsulotlari sirlanib, boʻyalib, gullar solinib yoki gul bosilib ishlab chikariladi.

Xitoyda 4—6-asrlarda chinnisozlik sanʼati yuksak darajaga koʻtarilgan, Ch.ning tarkibi va tayyorlash texnologiyasi sir saklangan. 11 — 14-asrlarda Eron, 16-asrda yapon Ch.si shuhrat qozondi. 16-asrda Yevropada (Florensiya, Fransiya, Gollandiya, Angliyada) ilk Ch. buyumlari paydo boʻldi, dastlabki Ch. zdi 1710 yilda Maysenda, 1717—18 yillarda Venada, 1744 yilda Peterburgda qurildi. Daniya (Kopengagen), Shvetsiya (Mariyeburg), Gollandiya (Been, Gaaga), Belgiya (Turne), Shveysariya (Syurix), Chexiya (Slavkov, Klashterets) badiiy Ch.si shuxrat qozondi. 18-asr va 19-asrda Ch.dan bezak mahsulotlar va badiiy buyumlar yasalgan. 20-asr boshlaridagina Ch. sanoat miqyosida ishlab chiqarila boshlagan.

Oʻrta Osiyoga Ch. qadimdan Xitoy va Erondan, keyinchalik Rossiyadan keltirilgan. Mahalliy kulollar (ayniksa, Rishton kulollari) sopolning Ch.ga yakin xillarini ishlashgan. Oʻzbekistonda Ch. sanoati 20-asr 50- yillarida yuzaga keldi, birinketin Toshkent, Samarqand, Quva, Angren shaharlarida Ch. zdlari qurildi (qarang Chinni-fayans sanoati).