Krestyanlar armiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Krestyanlar armiyasi — Rossiyadan koʻchirib keltirilgan rus erkaklaridan Jalolobodda tuzilgan armiya (1918–20). Jalolobod va Oʻshdagi rus qishloqlarining aholisi chor Rossiyasi davrida koʻchib keltirilgan rus krestyanlaridan tashkil topgan boʻlib, 1918 yil koʻzida ularga sovet hokimiyati oʻzlarini himoya qilish uchun qurol-yarogʻ tarqatgan. Turkiston Respublikasi harbiy komissari K. Osipov 1918 yil dekabrda Fargʻonada Krestyanlar armiyasi rahbarlari bilan uchrashadi. Polkovnik K. Monstrov boshchiligidagi Krestyanlar armiyasi dastlab, qizil askarlar va dashnoqlar qatorida turib tinch aholini qirishda qatvashdi. Ularning Fargʻona vodiysidagi Bozorqoʻrgʻon, Oyim, Qoʻqonqishloq va Suzoq qishloqlarida tinch aholiga nisbatan qilgan xunrezliklari bunga dalildir. 1918 yilning oxiri va 1919 yilning boshida bu toʻrtta yirik qishloq butunlay yakson qilindi, barcha aholi esa qirib tashlandi. Biroq bolsheviklar yuritayotgan siyosat Krestyanlar armiyasi rahbarlariga yoqmayotgan edi. Chunki ular xususiy mulkning tugatilishi, gʻalla monopoliyasi va sovet rejimining boshqa tadbirlariga qarshi edilar. Buning ustiga koʻchib kelingan vaqtda tub xalqlardan tortib olingan yer-suvni sovet hokimiyati musodara qilayotgan edi.

1919 yil yozida Madaminbek taktik maqsadlarni koʻzlab, bolsheviklar va qizil armiyaga qarshi Fargʻona vodiysida yagona kuch tashkil qilish uchun Krestyanlar armiyasi rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Ular, oʻz navbatida, Madaminbekni vodiyni oʻz nazoratida toʻtib turuvchi yagova zamonaviy sarkarda sifatida tan oldi. Ikkala tomon rahbarlari, dastlab, 1919 yil 20 iyunda uchrashsalarda oʻrtada shartnoma imzolanmadi.Shunday boʻlishiga qaramasdan, Jalolobod, Qurshob va Oʻshda turgan Krestyanlar armiyasining koʻplab askarlari Madaminbekka qoʻshilib, iyul oyida qizil armiyaga qarshi janglarda qatvashdi. Bu orada Madaminbek va Monstrov oʻzaro bir necha marta uchrashib, shartnoma shartlarini kelishib olishdi. 1919 yil 2 sentabrda Madaminbek bilan Monstrov oʻrtasida sovet rejimiga qarshi birgalikda kurashish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. 10 ta polkdan iborat 5000 kishilik Krestyanlar armiyasi Madaminbek tomoniga oʻtdi. Birlashgan armiyaning Oliy bosh qoʻmondoni sifatida Madaminbek, uning oʻrinbosari sifatida Monstrov tan olindi. Qoʻrboshilarga rahbarlik qilish Madaminbekning eng yaqin yordamchisi Soli Maxdumga yuklatildi. Sentabrning boshlarida birlashgan armiya Jalolobod, Oʻsh va Margʻilon shaharlari, Novqat shaharchasini qizil askarlardan ozod qildi. 10 sentabrdan Andijon, Skobelev (hozirgi Fargʻova), Namangan shaharlarini bir vaqtning oʻzida qamal qilishga kirishdi. Sovet qoʻmondonligi Rossiya markazidan Orenburg orqali Turkistonga katta harbiy kuchlarni tashladi. Madaminbek Krestyanlar armiyasi bilan ittifoq tuzib, xato qilganligini keyingi voqealar koʻrsatdi. Chunki eng qaltis vaziyatlarda Krestyanlar armiyasi rahbarlari bir necha marta pand berishdi. Andijon shahri qamal qilinayotganda ular oʻz marralarini tashlab, orqaga chekinishdi. Hujum chizigʻidagi bunday boʻshliqdan unumli foydalangan qizil askarlar qamalni yorib oʻtishgan edi. Krestyanlar armiyasi bir qancha janglarda magʻlubiyatga uchrab, 1920 yil boshlarida Gulcha istehkomi va Ergashtom oviliga chekindi. 1920 yil 17 yanvarda Monstrov, sal keyinroq, general-mayor A. Muxanov oʻz ixtiyori bilan qizil askarlarga taslim boʻldi. Ular keyinchalik yana qizil armiya bilan hamkorlik qilib, ancha muddat Turkfront shtabida xizmat qilishdi. 23 fevralda sovet armiyasi jangchilari Gulcha istehkomini egʻallagach, Krestyanlar armiyasi butunlay tugatildi.

Adabiyot[tahrir]

  • Rajabov K,., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Oʻzbekiston yangi tarixi, 2-kitob, [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v vachale XX veka: k istorii istokov vatsiovalnoy nezavisimosti, T., 2000.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil