Kebin zilzilasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kebin zilzilasi - 1911 y. 4 yanvar da Qozogʻistonning Verniy (hoz. Olma-ota) sh. yonida yuz bergan. Dunyodagi eng kuchli zilzilalardan biri hisoblanadi. Zilzila kuchi epitsentrida 10—11 ball, magnitudasi 8,2, chuq. 2,5 km boʻlgan. Qozogʻistonning Verniy, Uytol, Jilariq kabi bir qancha shahar va qishloqlarida zilzila kuchi 9 ballga yetgan. K.z. kuchi va tebranishining tevarakatrofga tarqalishi jihatidan ham juda kuchli ekanligi tan olingan.

Yer silkinishi vaqtida hosil boʻlgan toʻlqin butun Yer kurrasini 3 marta aylanib chiqqan. Epitsentr zonasida hosil boʻlgan yer yoriqlarining uz. 40— 50 km ga yetgan. Ayniqsa, Sazonovka— Oqsu qishloqlari oraligʻidagi yoriqlar boʻylab togʻ jinslari keskin siljigan, katta-kichik oʻpirilma va surilmalar sodir boʻlgan.

Zilzila oqibatida halok boʻlganlar soni 450 dan ortgan. Verniy sh.ning oʻzida pishiq gʻishtdan qurilgan 776 imorat butunlay buzilib ketgan. K.z. taʼsiri Rossiyaning zilzila oʻchogʻidan 1000 km uzoqlikdagi Omsk, Tomsk hamda Qozogʻistonning Koʻkchatov sh.larida ham sezilgan. Yer silkinishlari 6 oygacha takrorlanib turgan. Shu davr ichida 300 dan ortiq tebranishlar qayd etilgan. Zilzila markazida kuchli qayta silkinishlar oʻsha yilning 9,12,14 yanvar kunlari sodir boʻlgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil