Juzeppe Garibaldi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Garibaldi Juzeppe (1807.4.7, Nitssa – 1882.2.6, Kaprera orol) — Italiya xalq qahramoni, general, Risorjimento inqilobiy qanotining rahbarlaridan biri. Janubiy Amerika respublikalariniig mustaqilligi yoʻlida 10 yildan ortiq kurashgan. 1848–49 yillardagi Italiya inqilobi qatnashchisi, Rim Respublikasini mudofaa qilish (1849) tashkilotchisi. 1848, 1859 va 1866 yillarda Garibaldi rahbarligidagi koʻngilli askarlar Avstriyaga qarshi ozodlik urushlarida shuhrat qozongan. Italiyaning janubini ozod qilish bilan 1859–60 yillardagi Italiya inqilobi gʻalabasini taʼmin etgan. "Minglar" harbiy yurishiga boshchilikqilgan (I860). 1862 va 1867 yillarda Rimni papa hokimiyatidan qurolli yoʻl bilan xalos etishga uringan. 1870–71 yillarda Fransiya-Prussiya urushi davrida koʻngilli boʻlib Fransiya tomonida urushgan, Vogez armiyasiga qoʻmondonlik qilib, prus armiyasini bir necha bor jiddiy magʻlubiyatga uchratgan.

Yoshlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Juzeppe Garibaldi 1807-yil 4-iyulda Nitssa shaharchasida tug'ilgan. Uning otasi Dominiko Garibaldi kichik savdo kemasi kapitani edi. Garibaldi tug'ilganida uning shahri Napoleon Bonapart boshqaruvidagi Fransiya tarkibida edi keyinchalik 1814-yilgi Vena Kongressidan so'ng Italiyaning Sardiniya qiroligi ostiga qo'shiladi. Garibaldi oilasining qirg'oqbo'yi savdosi bilan shug'ullanishi uni dengizdagi hayotga tortdi. Onasining ruhoniylar safiga qo'shilish istagiga qaramasdan Garibaldi 15 yoshida dengizga chiqishga qaror qildi va 25 yoshida kema kapitani darajasiga erishdi.

1833 yilda Garibaldi Genuya shahrida Juzeppe Mazzini bilan uchrashdi. Mazzini Italiyani siyosiy va ijtimoiy islohotlar orqali liberal respublika sifatida birlashtirishning qizg'in tarafdori edi. Garibaldi Mazzini tomonidan asos solingan "Yosh Italiya" harakatiga qo'shildi va vatanini Avstriya hukmronligidan ozod qilish va birlashtirish uchun kurashga bag'ishlab qasamyod qildi. 1834 yil fevral oyida Pyemontdagi muvaffaqiyatsiz qo'zg'olonda qatnashdi. Sud Garibaldini sirtdan o'limga hukm qildi va u Marselga qochib ketdi.

Janubiy Amerikadagi hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garibaldi dastlab Tunis Beyligiga suzib bordi va oxir-oqibat Braziliya imperiyasiga kelib o'rnashdi. Garibaldi o'n yildan ziyod vaqt mobaynida surgunda yashab, avval dengizchi keyin esa savdogar sifatida yashay boshladi. U Janubiy Amerikaning Braziliya va Urugvay davlatlarida isyonchi harakatlarda qatnashgan. 1842 yilda Garibaldi Urugvayda boshlangan fuqarolar urushi davrida dengiz floti qo'mondoni bo'ldi va "Qizil ko'ylaklilar" deb nomlangan italyan legionini tashkil etgan. Keyinchalik esa bu qizil ko'ylaklar Garibaldi va uning izdoshlarining ramziga aylandi.

Italiyaga qaytib kelishi va Birinchi Italiya Mustaqillik urushlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garibaldi Janubiy Amerikada bo'lsa-da, Londonda surgunda yashayotgan o'zining inqilobiy hamkori Mazzini bilan aloqada bo'lib qoldi. Mazzini Garibaldini doimiy ravishda qo'llab-quvvatladi, uni italyan millatchilari uchun birlashtiruvchi kuch sifatida ko'rdi. Garibaldi Italiyada 1848 yilgi inqilob davrida vataniga qaytib keldi va "Harakat partiyasi"ning asoschilaridan va rahbarlaridan biriga aylandi. Va shu tariqa Italiyada "Birinchi Italiya Mustaqillik urushlari" boshlandi. Avstriyaliklarga qarshi Garibaldi o'z legioni bilan Luino va Morazzon shaharlarida ikkita kichik g'alabaga erishdi. Ushbu g'alabalardan so'ng Garibaldi yaqinda Papa davlatidan o'zini mustaqi; deb e'lon qilgan Rim respublikasini qo'llab-quvvatlash uchun Rimga bordi. Biroq, Lui Napoleon tomonidan yuborilgan fransuz qo'shini uni ag'darish bilan tahdid qildi. Mazzinining iltimosiga binoan Garibaldi Rim mudofaasiga qo'mondonlikni o'z zimmasiga oldi.

1849-yil 30-aprelda Garibaldi qo‘mondonligi ostidagi respublika armiyasi son jihatdan ancha ustun bo‘lgan fransuz armiyasini mag‘lub etdi. Keyinchalik qo'shimcha fransuz qo'shinlari yetib keldi va 1 iyunda Rimni qamal qilish boshlandi. Respublikachilar armiyasi qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, 29 iyunda fransuzlar g‘alaba qozondi. 30-iyun kuni Rim assambleyasi uch yoʻldan birini tanlashni muhokama qildi: taslim boʻlish, koʻchalarda jangni davom ettirish yoki Apennin togʻlaridan qarshilikni davom ettirish uchun Rimdan chekinish. Garibaldi qonga belangan holda xonaga kirib, uchinchi variantni yoqlab nutq so'zladi: Ovunque noi saremo, sarà Roma[1] (Qayerga borsak, o'sha yer Rim bo'ladi).

Tomonlar 1-2 iyulda sulh toʻgʻrisida muzokaralar olib bordilar, Garibaldi 4000 askar bilan Rimdan chiqib ketdi. Markaziy Italiyada avstriyaliklar bilan to'qnashuvlardan so'ng San Marinodan vaqtincha boshpana topdi. Keyinchalik barcha savdo kemalarini sotib Nyu York shahriga jo'nab ketdi.

Ikkinchi Italiya Mustaqillik urushlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garibaldi 1854 yilda yana Italiyaga qaytib keldi. Akasidan qolgan merosdan foydalanib, u o'zini qishloq xo'jaligiga bag'ishlab , Italiyaning Kaprera orolining yarmini (Sardiniya shimolida) sotib oldi. 1859 yilda Sardiniya hukumatidagi ichki fitnalar o'rtasida Ikkinchi Italiya Mustaqillik urushi (Avstro-Sardiniya urushi deb ham ataladi) boshlandi. Garibaldi general-mayor etib tayinlandi va Alp tog'lari ovchilari ( Cacciatori delle Alpi ) nomli ko'ngillilar bo'linmasini tuzdi . Shundan so'ng, Garibaldi Mazzinining Italiyani respublika qilish g'oyasidan voz kechdi va faqat Pyemont monarxiyasi bilan mamlakatni birlashtrish mumkin deb hisoblay boshladi. U va uning ko'ngilli askarlari Varese, Komo va boshqa hududlarda avstriyaliklar ustidan g'alaba qozonishdi.

Garibaldi o'zining tug'ilgan shahri Nitssani muhim harbiy yordam evaziga Fransiyaga berilganidan juda norozi bo'ldi. 1860 yil aprel oyida Turindagi Pyemont parlamentida Nitssa deputati sifatida u Nitssani Fransiya imperatori Lui Napoleonga bergani uchun Kamillo Kavurni qattiq tanqid qildi.

Juzeppe Garibaldi


Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Hibbert, G. C (1965). Garibaldi and his enemies. London: Longmans.


  1. Hibbert, G. C (1965). Garibaldi and his enemies. London: Longmans. p. 94.