Jom choʻli
Jom choʻli — Samarqand viloyatidagi choʻl. Zarafshon tizma togʻlarining gʻarbiy va Zirabuloqtogʻlarining sharqiy etaklarida joylashgan. Jom choʻlida boʻylama choʻzilgan qirlar, toʻlqinsimon lyossli tekisliklar bor. Oʻrtacha balandligi 500-600 m, asosiy balandliklar Zarafshon togʻlari etaklaridan janubi-gʻarb tomon pasayib boradi. Relyefi oʻydim-chuqur (1 — 10 m va undan ziyod). Jom choʻlining janubi-gʻarbida soyliklar (Sobirsoy, Toshbaqasoy, Kattasoy, Qoʻshilishsoy va boshqalar), sharqida Zarafshon togʻlari etaklaridan boshlanuvchi soylar (Jomsoy, Sayidjilgʻasoy, Kattasoy, Sariqulsoy) gʻarbga tomon yoʻnalgan. Zarafshondan boshlanuvchi Eski Anhor va Jom kanallari choʻlni kesib oʻtadi, ulardan Qashqadaryo vohasida sugʻorishda foydalaniladi.
Jom choʻlining oʻrni Zarafshon va Zirabuloq tizmalari oʻrtasidagi tektonik botikdan iborat. Toʻrtlamchi davrning lyoss va lyossimon jinslari togʻ etaklarida 10-15 m, markaziy qismida 70 m gacha qalinlikda toʻplangan. Grunt suvlari satqining chuqurligi shimolida (Ulus kengligida) 10-20 m, shoʻrligi kamroq (1— 3 g/l). Artezian suvlari boʻr, paleogen va neogen yotqiziqlarida mavjud, ularning aksariyati shoʻrroq. Efemer, efemeroidlar, qoʻziquloq, oqquray, karrak va b. oʻt oʻsimliklar keng tarqalgan. Tuprogʻi, asosan, tipik boʻz tuproq. Yer osti suvlari sugʻorishda va chorva mollarini suv bilan taʼminlashda ishlatiladi. Togʻ etaklariga yaqin va b. ayrim joylar lalmi dehqonchilikda, soyliklar sugʻoriladigan dehqonchilikda foydalaniladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]