Janna dʼArk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Janna d’Ark (Jeanne d’Arc), Orlean qizi, (taxminan 1412, Domremi qishlogʻi — 1431.30.5, Ruan) — Fransiyaning milliy qahramoni. Oddiy dehqon oilasida JJ tugʻilgan, yoshligidan taqvodor boʻlib oʻsgan. Yuz yillik urush (1337— 1453) davrida ingliz bosqinchilariga qarshi fransuz xalqining umumxalq kurashiga rahbarlik qilib, urushda tubdan burilish yasalishiga sababchi boʻlgan. Orlean qamalini eshitgach, u Vokuler shahriga kelib, qalʼa boshligʻini oʻzining zimmasiga Fransiyani inglizlardan xalos etish vazifasi yuklatilganligiga ishontira oldi. Erkakcha kiyingan va qurollangan Janna katta qiyinchiliklar bilan valiaxd shahzoda Karl qabuliga kirib (1429 yil fevral) uni keskin harbiy harakatlarni boshlashga daʼvat eta olgan. Yoshgina qizaloqqa fransuz qoʻshiniga qoʻmondonlik qilish topshirilgach, J.d’A. ilohiy mujdalar yordamida birin-ketin ajoyib gʻalabalarni qoʻlga kirita boshlagan. J.d’A. kamaldagi Orleanni xalos qilgach (1429 yil 8 may), unga Orlean qizi nomi berilgan. Pate yonidagi jangdagi gʻalaba (1429 yil 18 iyun), Shampan grafligini ozod qilinishi uning obroʻsini yanada oshishiga sabab boʻlgan. Janna Reymsni ozod qilib valiaxd Karl VII ni Fransiya qiroli deb eʼlon qilgan va unga toj kiydirish marosimini oʻtkazgan (1429 yil 17 iyul). J.d’A.ning oddiy xalq va askarlar oʻrtasida obroʻsi oshib ketishi qirol va saroy aristokratiyasiga yoqmagan. Uni harbiy harakatlarga rahbarlik qilishdan chetlatganlar. Kompyen ostonalarida boʻlgan jangda J.d’A. inglizlarga ittifoqchi boʻlgan burgundlar tomonidan asir olingan (1430 yil 24 may) va Burgundiya gersogi uni 10000 livrga inglizlarga sotgan. 1430 yil oxirida inglizlar J.d’A. ni Ruan shahriga keltirib, cherkov sudiga topshirganlar. Cherkov sudi uni dahriylik va jodugarlikda ayblagan. J.d’A.ni Ruanning markaziy maydonida yoqishgan.

Yuz yillik urush tugagach, Fransiyada chaqirilgan Oqlov jarayonida J.d’A.ning aybcizligi tula isbotlangan (1456). Rim papasi keyinchalik uni avliyolar qatoriga qoʻshgan (1920). Hozirgi kunda Janna qatl etilgan joy oq but chekilgan marmartosh bilan belgilangan. U haqida juda koʻp ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. F. Shiller "Orlean qizi", A. Frans "Janna d’Ark tarixi", B. Shou "Avliyo Janna" pyesaxronikalarini yozishgan. M. Tvenning "Janna d’Ark" tarixiy romani oʻzbek tilida nashr qilingan (T., 1965).

Manbalar[tahrir]

  • Qahramon Rajabov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil