Inshushinak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Inshushinak (ehtimol shum. „Suza hukmdori“) — elam mifologiyasida asosiy ilohlardan biri, Suza homiysi, marhumlar podsholigining sohibi, qasamlar xudosi[1][2].

Ishmiqorab — marhumlarni yer osti dunyosida qabul qiluvchi qasamyod maʼbudasining eri. Suzada Naxxunte ilohi bilan bir qatorda adolat himoyachisi deb hisoblangan[1]. Miloddan avvalgi II-I ming yilliklarda Humpan, Inshushinak va Kiririsha panteonning yetakchi triadasini tashkil qilgan. Miloddan avvalgi XIII asrdagi iloh Humpan bilan birga barcha maʼbudlar hukmdori deb atalgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Inshushinak ismi Elam, Shumer va Ossuriyaning miloddan avvalgi 3-ming yillikning ikkinchi yarmidan eramizdan avvalgi 7-asrgacha boʻlgan davr matnlarida tilga olingan[2].

U haqidagi eng qadimgi qaydlar miloddan avvalgi 2230-yilda elam tilida, Akkad qiroli Naram-Suen va unga boʻysunuvchi Suza hukmdori Xita oʻrtasida tuzilgan shartnomada keltirib oʻtilgan[2]. Matn oliy maʼbud Humpan, quyosh xudosi Naxxunte va boshqalardan keyin tilga olingan 37 ta xudo roʻyxati bilan boshlanadi. Inshushinak roʻyxatdagi yettinchi oʻrinda kelgan.

Suzada olib borilgan qazishma ishlari natijasida Inshushinakning tasvirlari aks ettirilgan dekorativ panellar topilgan, Inshushinak ularda dahshatli koʻrinishda, yarim erkak-yarim ayol qiyofasida palma daraxti ostidagi turgan holatda tasvirlangan. Shuningdek, Suzadan 3-ming yillik oxirlariga oid relyef ham topilgan, unda Inshushinakning sher oldida bronza qoziq bilan turgani aks etgan.

Miloddan avvalgi 1800-1500-yillarda yozilgan Suza matnlaridanshushinak nomi bilan ichilgan qasamlar va ogohlantirish uchraydi: u yoki bu shartnomani buzgan odam „Inshushinak kiteni“ deb nomlangan sehrli kuch tomonidan jazolanadi, uning tili va qoʻli kesiladi, shuningdek katta miqdorda jarima toʻlashga majbur qilinadi[2].

Miloddan avvalgi 8-asrga oid matnlarda Inshushinak va qirol Shutruk-Nahhunt II tomonidan joriy etilgan qonunlar haqida gap boradi[1].

Ossuriya matnlarida Inshushinak „Suzaning ilohiy sohibi“ deb ataladi va Mesopotamiya ilohlari — Ninurta va Adad bilan tenglashtiriladi. Miloddan avvalgi 640-yilda Suzaning talon-toroj qilingani haqidagi matnda Ossuriya shohi Ashurbanapal Inshushinak haykalini oʻz yurtiga olib ketgani aytiladi[2].

Ismi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Inshushinak ismi shumer tilidan tarjima qilinganda Elamning poytaxti boʻlgan „Suza sohibi“ degan maʼnoni anglatadi, bu Elam Shumerning taʼsiri ostida boʻlgan qadimgi davrga toʻgʻri keladi. „Inshushinak“ koʻplab elam shohlari ismining ajralmas tarkibiy qismi ham hisoblanadi[3].

Ibodat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suza odatiy viloyat shaharchasidan Elam davlatining poytaxtiga aylangach, Inshushinak asta-sekin mamlakatning asosiy xudolaridan biriga va hukmdorlarning shaxsiy homiyiga aylandi. Inshushinak, Humpan va Naxxunte Elam panteoni triadasini tashkil qilgan. Naxxunte singari Inshushinak ham adolat himoyachisi hisoblangan[2]. Elam hukmdorlari odatda oʻzlarini Inshushinakning „suyukli xizmatkorlari“ deb atashgan[1].

Inshushinakka hurmat bajo keltirishning asosiy markazlari Suza akropolidagi ibodatxona (miloddan avvalgi 2240-yil) va shahardan 40 km uzoqlikda joylashgan ibodatxona[2] (miloddan avvalgi 1250-yil) boʻlgan. Elam shohi Untash- Napirish tomonidan Inshushinak sharafiga bu yerda Dur-Untosh ibodat majmuasi qurilgan.

Inshushinak marhumlar saltanatining sohibi, qasam xudosi va qasamlar maʼbudasi Ishmiqorabning eri sifatida ham qadrlangan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Dandamaev M. A. Inshushinak // Mifi narodov mira : Ensiklopediya. Elektronnoe izdanie / Gl. red. S. A. Tokarev. M., 2008 (Sovetskaya Ensiklopediya, 1980). S. 449.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 Dandamaev M. A. Inshushinak (Wayback Machine saytida 2019-10-07 sanasida arxivlangan) // Большая российская энциклопедия. T. 11. M., 2008. S. 502.
  3. Уолтер Хинц. Государство Элам. М.: Наука, 1977 — 40—43 bet.