Kontent qismiga oʻtish

Iisus Xristos

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Iisus Xristos (grekcha: Ἰησοῦς Χριστός[1][2]; Xristos soʻzi oʻzbekchada „xaloskor“ maʼnosini anglatadi) — xristianlik asoschisi va paygʻambari. Xristian cherkovlarining aksariyati uni Xudo-odam sifatida ulugʻlaydi.

Injilga koʻra, Iso xudoning oʻgʻli boʻlgan, Vifleyemda (hozirgi Beyt Laxm shahri) duradgor Iosifning xotini Mariyadan tugʻilgan. Iosif va Mariya goʻdagi bilan podshoh Irod I taʼqibidan qochib, Misrga boradilar, keyin Galileya (Falastin)ga qaytadilar. Iso targʻibotchilik faoliyatini boshlab yuboradi. Uni Ioann Krestitel choʻqintiradi. Iso atrofiga 12 shogird (apostol – havoriy)larni toʻplaydi. Xavoriylardan biri Iso targʻibot qilayotgan yangi taʼlimotni oshkor etib qoʻygach, yahudiylar sudi – sinedrion Isoni oʻlim jazosiga hukm qiladi. Rim noibi Pontiy Pilat hukmni tasdiqlaydi, Iso chormix qilinib qatl etiladi. Lekin u tirilib oʻz shogirdlari oldiga keladi. Xristianlar Isoning tirilib kelishi („voskresenye“)ga ishonadilar.

Fanda Isoning tarixiyligi eʼtirof etiladi. U I asrning birinchi yarmida Falastinning Galileya mintaqasida Iisus (Iyeshua) ismi bilan sayyor daʼvatchi sifatida faoliyat koʻrsatgan. Isoning targʻiboti fariseylar va esseylar taʼlimoti kabi maxdud emas, balki falastin jamiyatining barcha tabaqalariga qaratilgandi. Shu boisdan ham keyingi asrlarda grek-rim zaminida Iso taʼlimotining tarafdorlari mahalliy tusdagi bu harakatni Oʻrta dengiz havzasini toʻligʻicha qamrab olgan olamshumul dinga aylantirishga erishdilar[3].

  1. Аверинцев, Токарев 1987.
  2. БРЭ 2008.
  3. „Iisus Xristos“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (I-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.