Hindiston turnasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hindiston turnasi
Muhofaza maqomi

Zaif holatda (IUCN) 106002787
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar

Hindiston turnasi tarqalgan hududlar

Hindiston turnasi yoki antigon turnasi (lotincha: Grus antigone) – turnalar oilasining eng yirik vakili. Janubiy Osiyoda – asosan Hindistonda, shuningdek, Hindixitoy mamlakatlarida yashaydi. Avstraliyada aniqlangan. Umumiy soni tahminan 15,5-20 mingga yetadi.

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu tur turnalar orasida eng katta turna hisoblanadi, uning oʻrtacha balandligi 176 sm, ogʻirligi 6,35 kg, qanotlari kengligi 240 smgacha yetadi. Patlarining rangi koʻk-kulrang. Bosh va boʻyinning yuqori qismida patlar deyarli yoʻq. Boshning tojida teri silliq va och yashil rangga ega. Bosh va yuqori boʻyinning qolgan qismi toʻq sariq-qizil teri bilan qoplangan. Katta yoshlilarning bosh va boʻyinining yalangʻoch qizil terisi naslchilik davrida yorqinroq boʻladi. Terisi qoʻpol boʻlib, boshining atrofi va orqasi qora rangli patlar bilan qoplangan. Quloq sohasida och kulrang patlardan mayda dogʻlari bor. Tumshugʻi juda uzun, och yashil rangga ega. Oyoqlari qizgʻish. Jinsiy dimorfizm (erkak va ayol oʻrtasidagi koʻrinadigan farqlar) aniq emas, juftlikda erkaklar biroz kattaroq koʻrinadi. Yosh qushlarning boshi och jigarrang patlar bilan qoplangan va quloqlar sohasidagi kulrang dogʻi zaif yoki sezilmaydigan tarzda ifodalangan.

Kichik turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Morfologik xususiyatlarida farq qiluvchi hindiston turnalarining uchta kichik turi mavjud:

  • G.a.antigon – eng boʻyi baland kichik tur. Boʻyinda oq patlar va oq rangli uchish patlari bilan ajralib turadi.
  • G.a.sharpii – biroz rangi toʻqroq kichik tur. Patlari rangi bir xilda boʻladi.
  • G.a.gilli – avstraliyalik kichik tur.

Bundan tashqari, ushbu qushning yoʻqolib ketgan bir kichik turi ham maʼlum:

  • G.a.luzonica – Filippin kichik turi.

Tarqalishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan: Hindistonning shimoliy, shimoli-gʻarbiy va gʻarbiy tekisliklarida, Hindixitoy – Myanma, Vetnam va Kambodja mamlakatlarida uchratish mumkin. Pokistonda turnalarning kichik guruhlari qayd etilgan. Xitoyning Yunnan va Laos provinsiyasida hindiston turnalarining populyatsiyasi yoki butunlay yoʻq boʻlib ketdi yoki yoʻq boʻlib ketish arafasida.

Hindiston turnasi turli xil tabiiy sharoitlarda yashaydi, ammo suv-botqoq yerlarning mavjudligi zarur va shartdir. Kichik turlar G.a.antigon aholi zich joylashgan joylarga oson moslashadi va kichik nam joylarda uyalar qurishadi. Shuningdek, baland oʻtlar va butalar boʻlgan balandroq ochiq landshaftlarda, ekinzorlar va boshqa qishloq xoʻjaligi yerlarida koʻproq uchraydi.

Koʻpayishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yosh qushlarning jinsiy yetukligi hayotning ikkinchi yoki uchinchi yilida sodir boʻladi. Ular Monogamdir.

Koʻpayish mavsumi asosan iqlim sharoitiga qarab oʻzgaradi, lekin asosan odatda yomgʻirli mavsumga bogʻliq. Hindiston turnalarining koʻpayish darajasi boshqa turlarga qaraganda yuqori hisoblanadi[1]. Hindistonda koʻpayish davri asosan iyul-oktyabr oylarida, musson yomgʻirlari tugaganidan keyin sodir boʻladi, ammo may-iyun oylaridan tashqari yil davomida davom etishi ham mumkin[2].

Turnalarning boshqa turlari singari, muvaffaqiyatli juftlik oʻzlarining birlashishini juft ijroda, oʻziga xos xarakterli qoʻshiq bilan nishonlaydi, bu odatda boshni orqaga tashlab, tumshugʻini vertikal ravishda yuqoriga koʻtargan holda va yana bir qator murakkab ohangdor tovushlardan iborat ovoz chiqariladi. Bunday holda, erkak har doim qanotlarini yoyadi va urgʻochi ularni buklangan holda ushlab turadi. Ayol birinchi boʻlib qichqirishni boshlaydi va erkakning har bir undoviga ikki marta javob beradi. Uchrashuv sakrash, yugurish, qanot qoqish, oʻt tutamlarini tashlash va egilishni oʻz ichiga olgan xarakterli raqslar bilan birga davom etadi.


Oziqlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hindiston turnalari – suv va yarim suv oʻsimliklarining kurtaklari, ildizpoyalari va piyozchalari; yer yongʻoqlari, araxis, donlar, amfibiyalar (asosan qurbaqalar), kaltakesaklar, ilonlar, hasharotlar (ayniqsa chigirtkalar), mollyuskalar bilan oziqlanadi.

Muhofazasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Avvallari hindiston turnasi kengroq hududlarda tarqalgan va soni jihatdan ham koʻp boʻlgan boʻlsa, oxirgi yillarda uya qurishga yaroqli yerlarning kamayishi va aholi sonining koʻpayishi tufayli ushbu turning soni anchaga kamaydi. Biroq, bu turning turli iqlim sharoitlariga yaxshi moslashishi va mahalliy aholining maxsus homiyligi tufayli bir qator hududlarda uning soni barqaror boʻlib qolmoqda. Biroq, ushbu tur uchun asosiy xavf omillari sirasiga suv-botqoq yerlarini quritish, qishloq xoʻjaligi uchun yerlarni oʻzlashtirish, atrof-muhitning ifloslanishi, pestitsidlardan foydalanish va aholi zichligini oshirish kabi omillar kiradi.

Ushbu qush hozirda yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tur sifatida Xalqaro Qizil kitob roʻyxatiga kiritilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Johnsgard, P. A. 1983. Cranes of the World. Indiana University Press, Bloomington, Indiana. 257 pp.
  2. Walkinshaw, L. H. 1973. Cranes of the World. Winchester Press, New York. 370 pp.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]