Hind sivilizatsiyasining paydo bo`lishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hindiston subkontineti eng qadimgi davrlardanoq ko‘plab uzoq va yaqin qo‘shinlari bilan madaniy va savdo-sotiq aloqalari o‘rnatgan edi. Xarappa madaniyati davrida (miloddan avvalgi III-II ming yillar) hind hunarmandlari yaratgan buyumlar O‘rtaer dengizi mamlakatlari, Mesopotamiya, Markaziy Osiyogacha yetib borgan. Miloddan avvalgi VI asrda ushbu o‘lkaga Aleksandr Makedonskiy yurish qilganidan keyin subkontinent haqidagi maʼlumotlar olamga yanada kengroq yoyildi. Hindiston yurishi ishtirokchilarining asarlarida, Salavk elchisi Megasfen xotiralarida, Yunon mualliflari Arrian, Strabon, Pliniy kitoblarida bu subkontinet haqidagi rang-barang va diqqatga sazovor maʼlumotlar mavjud. Sharqning mashhur qomusiy olimi va birinchi buyuk hindshunos Abu Rayhon Beruniy (XI asr) qadimgi hind xalqining urf-odati, turmush tarzi, din iva dunyoqarashi, ijtimoiy tuzumi, tarixi, o‘simlik hamda hayvonot dunyosi, jo‘g‘rofiyasi, astronomiyasi, matematikasi, grammatikasi, adabiyoti, sanʼati haqida „Hindiston“ nomli nodir bir asar yaratgan.

Yevropaliklar tomonidan oʻrganilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hindiston subkontinentining qadimgi tarixini ilmiy o‘rganish XVIII asr oxiridan boshlandi. Ingliz tarixchisi U.Jons (1746-1791) ilk bor sanskrit tilidagi qadimiy hind adabiy yodgorliklarini tadqiq etishga kirishdi va „Monu qonunlari“ni ingliz tiliga tarjima qildi. 1785 yilda Ch. Uilkins ko‘hna Hindistonning diniy-falsafiy asari „Bxagavadgita“ni ingliz tilida chop ettirdi. Avvalo Angliya so‘ngra G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida qadimgi Hindiston tarixini yorituvchi ilk asarlar paydo bo‘ldi. Ammo bu asarlarning muhim kamchiligi shundan iborat ediki, ingliz mustamlaka maʼmuriyatining vakillari bo‘lgan mualliflar qadimiy Hindistonning talaygina yutuqlari G‘arbdan olingan, barcha Sharq madaniyati singari hind madaniyatiga ham qoloqlik va turg‘unlik xosdir deb uqtirishga intildilar.

Arxeologik izlanishlarning boshlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIX asrning oxirgi choragi va XX asrning boshlarida Hindistonda arxeologik tekshirishlar boshlandi. XX asrning 20-30 yillarda hind qadimshunoslari Hind vohasidagi eng qadimiy madaniyatni kashf qildilar. Hind daryosi vodiysidagi qazilmalar Hindiston tarixi ibtidosini ming yil oldinga surdi. Qadimgi Hindistondagi boy madaniyat oriylardan meros emasligi, balki oriylar kelishidan ancha avval Hindistonning tub aholisi yuksak madaniyatga ega bo‘lganligi aniqlandi.

Sivilizatsiya haqida olimlarning fikrlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xarappa madaniyati ochilishiga qadar ayrim olimlar Hindiston subkontinentida madaniyat boshqa Sharq mamlakatlaridan keyin vujudga kelgan, baʼzi olimlar esa, Hindistonga madaniyatni oriy qabilalari olib kelgan degan fikrda edilar. Yana uchinchi toifadagi olimlar qadimgi hind madaniyati Sharqning boshqa madaniyatlaridan orqada qolib, ulardan ajralib qolgan degan mulohazalarni ilgari suradilar.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

[1] [2]

  1. Qodirov, Zikrilloxon. Hindiston tarixi. Toshkent': TDSHU Kutubxonasi, 2015 — 10 bet. 
  2. Qodirov, Zikrilloxon. Pokiston tarixi. Toshkent': TDSHU Kutubxonasi, 2015 — 7 bet.