Kontent qismiga oʻtish

Gyaurqal’a

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Gyaurqal’a
Manzilgoh Xoʻjayli tumani, Qoraqalpogʻiston
Turi Qalʼa
Hudud 200x450 metr
Tarix
Material Xom gʻisht, paxsa
Tashkil etilgan Mil.avv. IV-III asr — milodiy XIII asr
Makon qaydlari
Arxeologlar Sergey Tolstov
Yuriy Rapoport
S.Trudnovskaya

Gyaurqal’a – Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Obyekt davri: Mil.avv. IV-III asr, mil. XIII asr. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanida joylashgan. Obyekt manzili: „Sarishungil“ OFY. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan[1][2].

Gyaurqal’a Amudaryoning oʻng qirgʻogʻida Chilpiq va Jampiq qal’a yodgorliklari oraligʻida joylashgan. Qal’aga ilk antik davrda asos solingan, shimoliy va gʻarbiy devorlarining bir qismi saqlanib qolgan. Inshoot trapetsiya shaklida qurilgan[3].

Xorazm davlati hududi eng qadimiy diniy taʼlimot zardushtiylikning markazi hisoblangan. Miloddan avvalgi IV asrda hozirgi Xoʻjayli yaqinida qal’ani qurgan odamlar zardushtiylik diniga eʼtiqod qilgan. Buni koʻplab oʻchoq qoldiqlari tasdiqlaydi. Oʻtroq dehqonchilik bilan shugʻullanadigan aholi koʻchmanchilar hujumidan himoyaga muhtoj edi. Shuning uchun baland tepalikda mahobatli qal’a bunyod etilgan.

Keyinchalik hududni bosib olgan arablar qal’aga Gyaurqal’a (tarjimasi – „Kofirlar qal’asi“) nom berishgan[4]. Arablar bosib olingan davlatlarda boshqa dinlarga nisbatan turlicha munosabatda boʻlgan – agar xristianlar va yahudiylarga oʻz dinlariga eʼtiqod qilishlariga ruxsat berilsa ham (ular buning uchun soliq toʻlashlari kerak edi), zardushtiylik bilan qattiq kurashganlar. Zardushtiylik ibodatxonalari vayron qilingan, kitoblar yoqib yuborilgan, bu dinga eʼtiqod qiluvchilar majburan islom diniga kiritilgan.

Taʼqiblar va arablar bilan toʻqnashuvlarga qaramay, oʻsha paytda qal’a jiddiy vayron boʻlmagan. Tatar-moʻgʻul qoʻshinlari bosqinidan keyin u xarobaga aylandi. Chingizxonning oʻgʻli Joʻji shaharni butunlay yoʻq qilishni buyuradi. Keyinchalik Gyaurqal’aning aholisi vayron boʻlgan yaqinidagi yerlarga koʻchib oʻtadi va yangi shaharga asos soladi[5].

Vayron etilganiga qaramay Gyaurqal’ada bir nechta taxta devorlar va qoʻriq minoralar saqlangan. Gyaurqal’aning maydoni 200x450 metrdan iborat. Qal’aning devorlari balandligi 10 metr. Ular ikkita xarobani oʻrab olgan. Olimlarning maʼlumot berishicha, xarobalardan biri saroy, ikkinchisi ibodatxonadir. Qal’aga kirish qismida murakkab labirint topilgan.

Saroy xarobalarida hovli, bir qancha xoʻjalik inshootlari, shuningdek, rasmlar va oʻymakorlik bilan bezatilgan turar-joy binolari topilgan. Boshqa qimmatbaho buyum qoldiqlari ham topilgan: turli xil zargarlik buyumlari, tilla bilan bezatilgan matolar va boshqa koʻp narsalar Gyaurqal’ada yuqori tabaqa vakillari yashaganligini koʻrsatadi.

Oʻrganilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gyaurqal’a dastlab 1940-yilda Sergey Tolstov tomonidan oʻrganilgan. Toʻliqroq qazish ishlari 1952-yilda Yuriy Rapoport va S. A. Trudnovskaya tomonidan olib borilgan. Sovet hukumati bu yerga yaqin joyda GES qurishni rejalashtirgan va shuning uchun Xorazm ekspeditsiyasi tomonidan obyektni oʻrganishga topshiriq berilgan. Jarayonni tezlashtirish uchun qamoqxona ishchilari otryadi jalb qilingan. Rapoport va Trudnovskayaning topilmalari 1958-yilda Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi asarlarining 2-jildida nashr etilgan.