Geraldika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Geraldika (lotincha: heraldus — jarchi, gerold) — gerbshunoslik. 19-asrning 2-yarmidan gerblarni oʻrganuvchi yordamchi tarix fani; Dastlab 13-19-asrning l-yarmigacha dvoryan, sex va yer mulklarining gerblarini tuzish bilan geroldlar shugʻullanganlar (Geraldika atamasi shundan olingan). 14-asrdan boshlab gerbchilar ustaxonasi tashkil topgan, unda murakkab va rangli gerblar yaratilgan. Bora-bora uylar, tarixiy yodgorliklar, davlat bayroqlari, pullar va harbiy qurollarga gerb suratlarini tushirish odat tusiga kirgan. Geraldika moddiy madaniyat yodgorliklarini hamda gerbli va ramzli yozma manbalarni oʻrganadi, milliy anʼanalar, ijtimoiy xususiyatlar, mamlakatlararo iqtisodiy va madaniy aloqalarni oʻrganishda yordam beradi va b. Arxeologik qazishlar Oʻzbekistonda ham qadimdan muhrlar, tangalar va buyumlarga shahar, davlat, urugʻ yoki hunarmandchilik uyushmalarining gerb suratlarini tushirish keng tarqalganini koʻrsatadi. Ular ajdodlarimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotini, turmush madaniyati va sanʼatini oʻrganishga, davlatlar va sulolalar tarixini oydinlashtirishga xizmat qiluvchi manbalardan biridir. Geraldika genealogiya, numizmatika, paleografiya va sfragistika kabilar bilan aloqador. Geraldika maʼlumotlari tarix fanining boshqa sohalarida ham qoʻllaniladi.

Yana qara[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil