Flish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Flish (nem. fl iessen — oqmoq) — dengiz choʻkindi togʻ jinslarining qalin qatlami (seriyasi), qalinligi 1000 m gacha boʻlgan geologik yotqiziq. Asosan, chaqiq jinslardan iborat. Dengizning muayyan chuqur joylarida bir turdagi ohaktosh, qumtosh, gil, mergel kabi choʻkindi jinslarning oʻzaro takrorlanishidan hosil boʻladi. F. bir qancha kichik (bir necha sm dan bir necha dm gacha) sikllar (siklotema, siklosoma, qavatlar)dan tuziladi. Siklosomalar 2— 4 qavat, yoki elementlardan iborat boʻlib, pastki qismi donador jinslar (qumtosh, alevrolit, chaqiq ohaktoshlar)dan, yuqorisi esa, pelitlardan tarkib topgan boʻladi. F. uchun shakli ham paydo boʻlishi turlicha giyerogliflar xosdir. F.ning shaklliligi (ritmliligi) choʻkindi hosil boʻlish xususiyati — asosan, loyqali oqimning takrorlanish davrlariga bogʻliq. F. tipik geosinklinal formatsiya (geogeneratsiya) boʻlib, evgeosinklinal yoki miogeosinklinal orogen oldi rivojlanishiga xos. F. mikrofaunaga kambagʻal, baʼzan plankton mikroorganizmlar chigʻanoqlari (foraminifera, radiolyariylar)ga boy, yuqori qismida bentos foraminiferalari koʻp. Eng tipik F. geosinklinal rivojlanishning oʻrta bosqichida tarkib topadi. F. bilan neft va mineral suvlar bogʻliqboʻladi. F. proterozoy, paleozoy (Ural), mezozoy (Karpat) yotqiziqlarida koʻp uchraydi; Oʻzbekistonda Janubiy Fargʻona (Krrachatir), Boʻkantov atroflarida bor.