Embrion

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Embrion (yun.), pusht, murtak — dastlabki taraqqiyot bosqichidagi organizm; tuxumparda va pushtparda ichida boʻladi. Odatda, urugʻlangan tuxumdan rivojlanadi, tuxum ichidagi zaxira oziq moddalar yoki ona organizmidagi oziq moddalar bilan oziqlanadi. Odam va hayvonlar E.ini embriologiya oʻrganadi. Oʻsimliklar murtagi yangi individ boshlangʻichidir. U murtak xaltachasidagi tuxumhujayraning urugʻlanishidan yoki nutsellus hujayrasidan vujudga kelgan zigotadan rivojlanadi. Embrion rivojlanishining eng sodda tipi yashil suvoʻtlar (mas, spirogira)da uchraydi. Bunda zigota sporofit iplar hosil qilmay, toʻgʻridan toʻgʻri meyozga oʻtadi. Moxsimonlar murtagi gametofitda oʻsadi. Yalangʻoch urugʻlilar murtagidagi erkin yadro (sagovniklarda 1024 tacha) hujayra hosil boʻlishi bilan almashinadi. Keyinchalik shakllangan E.da novda, ildiz va urugʻpallalarning oʻsish nuqtasi vujudga keladi. Koʻpchilik yopiq urugʻlilar zigotasi ikki — apikal (E. boshlangʻichini beradi) va bazal hujayraga boʻlinadi. Embriogenez maʼlumotlari asosida embrional tiplar tasnifi tuzilgan. Bundan oʻsimliklar filogeniyasi va evolyutsiyasi toʻgʻrisidagi masalalarni hal qilishda foydalaniladi.[1]

Manbalar[tahrir]