Doʻstlik kanali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Doʻstlik kanali - Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududidagi kanal. Mirzachoʻlning shim.-sharqida. Sirdaryodagi Farhod GESining tashlama kanalidan suv oladi. Uz. 116 km. Suv oʻtkazish imkoniyati 230 m³/s. Kanal boshdan oxirigacha tuproq oʻzandan oqadi. Kanalda 6 toʻgʻon, suv sarfi 0,2 dan 50 m³/s gacha boʻlgan 45 shoxobcha kanallar va 3 ta ehtiyot tashlamalar: sharqiy tashlama (40 m³/s), shim. tashlama (18 m³/s) va oxirgi tashlama (17 m³/s) qurilgan. Kanal Chordara suv ombori ga tashlama bilan tugaydi. Dastlab kanalni 1891 y.da knyaz N. K. Romanov kazdirgan. Kanal qurilishi 6 yil davom etgan va Nikolay I arigʻi deb atalgan, uz. 84 km boʻlgan. Kanal suvni Xoʻjand shahridan quyida Qoʻshtegirmon va Bekobod qishloqlari oraligʻida Sirdaryodan olgan. Kanaldan birinchi marta 1895 y.da Mirzachoʻlga suv oqizilgan, 1897 y. toʻla ishga tushirilgan va 7600 ga yerni suv bilan taʼminlangan. 1917 y.gacha knyaz Romanov nomi bilan yuritilgan va uni xalq Knyazariq (Kenazariq) deb atagan. 1918—38 y.larda Shimoliy Mirzachoʻl kanali deb yuritilgan. 1923 y.dan kanal rekonstruksiya qilina boshladi. 1938 y. kanalda Sultonhovuz tindirgichi (hajmi 16 mln. m³) qurildi. Qozogʻiston hududida 1939 y. 1- Toʻqayli tarmogʻi va 400 km dan ortiq katta-kichik ariqlar chiqarildi. 1940—41 y.larda Mirzachoʻlda yangi yerlar oʻzlashtirilishi munosabati bilan kanalning bosh inshooti rekonstruksiya qilinib, suv oʻtkazish qobiliyati 230 m³/sek ga yetkazildi va kanal 14,5 km uzaytirildi, 2- va Z-Toʻqayli tarmoqlari, 64 mayda shoxobcha va 2 ta yirik tarmoq — Oʻng tarmoq va Chap tarmoq (Malik tarmogʻi) chiqarildi. 1945 y.da kanal Farhod GESning tashlama kanaliga ulandi. Keyingi yillarda kanal uzaytirildi va suv oʻtkazish imkoniyati oshirildi. 1972 y.dan kanalda xoʻjaliklararo kanallarga suv taqsimlab berish tele va avtomatik sistemalari ishlaydi. 1996 y. iyulidan hozirgi nom bilan ataladi (1938—97 y.larda S. M. Kirov nomida boʻlgan). 2001 y.da kanaldan 230 ming ga dan koʻproq maydon sugʻorildi (Oʻzbekistonda 100 ming ga; Qozogʻistonda 130 ming ga dan ortiq).

Sharif Hamdamov.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil