Diniy oʻquv yurtlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Diniy oʻquv yurtlari - ruhoniylar tayyorlovchi maktablar. Diniy marosim va odatlar xilma-xil tusga kirib koʻpayib ketgach, ularni bilib olishga ehtiyoj tugʻilganligi munosa-bati bilan paydo boʻlgan.

Dastlabki D.oʻ.yu. mil. av. 2-ming yillikda qad. Misr va Bobil ibodatxonalarida (kohinlar tayyorlash uchun) ochildi. Mil. av. 1-ming yillikning oʻrtalarida Hindistonda va Markaziy Osiyo quldorlik davlatlarida budda monastirlarida paydo boʻldi. Hindistonda monastirlar bilan bir qatorda brahman maktablari tashkil topdi. Xristianlik paydo boʻlgach, Iskandariyada birinchi katolik maktabi (2-asr oxiri), Quddusda, Rim va Rim imperiyasining shaharlarida yepiskop maktablari, ekzegetlar ("Qadimgi ahd" va "Yangi ahd" kitoblarini sharhlovchi) maktablari va b. yuzaga kela boshladi. Un-tlar vujudga kelishi (11 —12-asrlar) bilan ularda ilohiyot fakultetlari ochildi. Keyinroq maxsus diniy universitetlar, akademiyalar, seminariyalar, kollej va kollegiumlar paydo boʻldi.

Islom dinida madrasalar ilk D.oʻ.yu. qisoblanib, ular diniy va tarixiy asarlarda 9-asrdan tilga olina boshlagan. Ularda koʻp asrlar mobaynida ilohiyot, til va shariat darslari bilan bir katorda falsafa, amaliy fanlar ham oʻqitilgan. Keyinchalik madrasalarda asosan diniy taʼlimgina beriladigan boʻldi. Faqat ayrim musulmon dorilfununlarida taʼlim avvalgicha qoldi.

Jahondagi koʻp mamlakatlarda oliy, oʻrta va boshlangʻich maʼlumot beruvchi koʻplab D.oʻ.yu. mavjud. Islom mamlakatlarida madrasalar asosiy D.oʻ.yu. hisoblanadi. Misrda al-Azhar, Tunisda Zaytun, Hindistonda Aligarx, Pokistonda Panjob, Turkiyada Anqara diniy dorilfununlari va b. mavjud. Oʻzbekistonda ham D.oʻ.yu. faoliyat koʻrsatadi. Bular: Toshkentdagi Imom al-Buxoriy nomidagi islom instituti, Buxorodagi Mir Arab madrasasi, shuningdek, Toshkentdagi Xadichai Kubro, Buxorodagi Joʻybori Kalon ayol-qizlar islom oʻrta maxsus bilim yurtlari, Namangandagi Mulla Qirgʻiz, Urganchdagi Faxriddin ar-Roziy, Nukusdagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy, Andijondagi Sayd Muhiddin Maxdum islom oʻrta maxsus bilim yurtlari, Toshkent pravoslav diniy seminariyasidir. Diniy mutaxassislarning malakasini oshirib borish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Toshkent islom universiteteti bilan hamkorlikda maxsus kurslar tashkil qilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil