Devoni hikmat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"DEVONI HIKMAT" - Ahmad Yassaviyning sheʼrlarini oʻz ichiga olgan majmua. Asl nusxasi saqlanmagan. 19-asrdan boshlab Toshkent, Buxoro, Kogon, Qozon, Istanbu sh.larida bir necha bor nashr etilgan. Mavjud qoʻlyozma va bosma nusxalar bir-biridan farq qiladi. Ahmad Yassaviy "D.h." ni shu nom bilan kitob tarzida tartib bermagan. Uni Yassaviyning murid va izdoshlari tuzishgan. Yaʼni ustozlarining hikmatlarini bir joyga jamlab, unga "D.h." nomini berishgan. Yassaviylik tariqatiga kirganlar uchun "D.h."dagi sheʼrlarni oʻqib yod olish, hatto qobiliyati yetadiganlar uchun shunday shaklda sheʼrlar yozish tariqatning daxlsiz talablaridan hisoblangan. Yassaviylik tariqati koʻplab shoirlarni yetishtirib chiqarishda oʻziga xos maktab vazifasini bajargan. "D.h."dagi hamma sheʼrlar ham Yassaviyga mansub emas. Unda Yassaviy izdoshlarining ijod namunalari ham kiritilgan. Asar poetik jihatdan xalq qushiklariga yaqin. Shu bois u xalq ommasi orasida keng tarqalgan. Natijada Yassaviy hikmatlari ogʻizdan-ogʻizga kuchib, kitobdan-kitobga oʻtib, oʻz asl tilini va uslubini oʻzgartirgan, ammo ularning asosiy gʻoyaviy mazmuni saqlanib qolgan.

"D.h." islom dini asoslaridan bahs etuvchi, shariatning ahkomi va ahli sunnatning aqidalaridan saboq beruvchi, tasavvuf sirlari va tariqatning odobu arkoni yoritilgan qomusiy harakterdagi asardir. Unda ilohiy ishq gʻoyasi va didaktik mazmun yoʻnalishi yetakchilik qiladi. "D.h."da munojot, qasida, munozara janri talablariga muvofiq keladigan sheʼrlar bilan bir qatorda, "Meʼrojnoma" (Hazrat Muhammad alayhissalom madh etilgan manzuma) ham oʻrin olgan.

Yassaviy tariqati turli davrlarda va turli joylarda Ahmad Yassaviyning koʻplab shogirdlari va muxlislari tomonidan davom ettirilgan. Sulaymon Boqirgʻoniy, Bobo Mochin, Shamsiddin Oʻzgandiy Xudoydod, Qul Nasimiy, Ubaydiy va b. tasavvuf shoirlar "D.h." taʼsirida bir qator asarlar yozgan. Shu bois "D.h." faqat Yassaviyniki boʻlmay, Yassaviy tariqatining bir necha asrlik umumiy bir adabiy yodgorligi hisoblanadi.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ibrohim Haqqul, Ahmad Yassaviy, T., 2001.