Boylam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boylam, boylamlar — suyaklarni bir-biriga biriktirib yoki ichki aʼzolar (jigar, taloq, bachadon)ni ushlab turadigan pishiq biriktiruvchi toʻqimadan iborat tuzilma. B. boʻgʻimlarda yaxshi rivojlangan boʻlib, turli harakatlar qilishga imkon beradi. Ular bukiluvchan, choʻziluvchan, taranglanuvchan boʻladi. B. joylashgan oʻrni va bajaradigan vazifasiga koʻra tasmasimon, yumaloq, plastinkasimon va pardasimon boʻlishi mumkin. B.lar gʻaltaksimon boʻgʻimlarda pishiqroq boʻlib, suyaklarning faqat bukilish va yozilishiga imkon beradi, sharsimon boʻgʻimlarni esa boʻgʻim yuzasidan chiqmasligini taʼminlaydi. Bolalarda B. nihoyatda elastik; yosh ulgʻaygan sari B.ning bu xossasi kamayib boradi, baʼzan B.ga ohak yigʻilishi va hatto qotib qolishi mumkin. B.ning choʻzilishi yoki uzilishi kabi shikastlanishlar uchrab turadi, bunda zudlik bilan vrachga murojaat qilish zarur; vrach kelguncha shikastlangan B.ni qattiq qilib bintlash va qimirlatmaslik lozim.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil