Boʻgʻim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Boʻgʻim — suyaklar (baʼzan paylar) ning harakatchan birikishi, bunda birikkan yuza oraligʻida boʻshliq (yoriq) boʻladi. B. hosil boʻlishida ishtirok etadigan suyaklarning (birida boʻgʻim boshchasi, ikkinchisida esa boʻgʻim chuqurchasi boʻladi) sinovial suyuqlik bilan toʻla. B. boʻshligi va B. xaltasi farq qilinadi. Suyaklarning bir-biriga birikkan uchlari bir xilda boʻlmaydi. Koʻpincha oyoqqoʻlning naysimon suyaklari B. sohasida yoʻgʻonlashib, boshcha, suyakning qaramaqarshi yuzasida esa botiqchalar va maydonchalar hosil qiladi. Suyaklarning B. yuzalari B. paylari bilan qoplangan boʻlib, ular harakat vaqgida sodir boʻladigan zarblarni kamaytiradi, B.ning erkin va elastik harakat qilishiga imkon beradi. B. hosil qilishda ishtirok etadigan suyaklarning uchlari biriktiruvchi toʻqimadan tuzilgan boʻlib, B. xaltasi bilan, ichki tomondan esa sinovial parda bilan oʻralgan. Bu parda paylar yuzasini namlab turuvchi va ular harakatini yengillashtiruvchi suyuqlik ishlab chiqaradi, aks holda harakat chogʻida B. hosil qilgan suyaklarning yuzalari oʻzaro ishqalanib ogʻriq paydo qiladi va harakat cheklanadi. Koʻpchilik B. xaltasi boylamlar bilan mustahkam oʻralgan. B. yuzalarining shakliga qarab sharsimon (koʻp oʻqli), gʻaltaksimon (bir oʻqli), tuxumsimon (ikki oʻqli) va boshqa B. lar boʻladi. Sharsimon boshchali suyak B.i (mas, yelka suyagi B.i) eng serharakat hisoblanadi, tuxumsimon boshchali suyak B.i (mas, boldiroyoq panjasi B.i) da bukilishyozilishdan boshqa harakatlar chegaralangan; baʼzi suyak B. lari (mas, bilaktirsak B. ida bilak suyagi) aylanma harakat qilishi mumkin. Qator B.larning yordamchi tuzilmalari boʻlib, ularni B. paylari (tizza B.i, jagʻ B.i), disklar, menisklar bir-biriga moslashtirib turadi. Baʼzi suyaklar oʻzaro B. yordamisiz, biriktiruvchi toʻqimalar, boylamlar va paylar yordamida birikkan boʻladi (mas, kalla suyagi orasidagi choklar, chanoqboylamlari, umurtqalar orasidagi pay disklari va boshqalar). B. harakati odamning tik yurishi, bukilishi, ishlashi va boshqa holatlarini taʼminlaydi. B. sovuqqa, kasalliklarga, shikastlarga, moddalar almashinuvi buzilishiga oʻta taʼsirchan boʻladi, shu bois uni bu illatlardan himoya qilish lozim. Muntazam ravishda badan tarbiya bilan shugullanish B.ni mustahkamlaydi va ularni tashqi muhit taʼsirotlariga chidamini oshiradi. B. kasalliklaridan uning shikastlanishi (suyak chiqishi), artroz (tugʻma yoki moddalar almashinuvining izdan chiqishi tufayli), B. yalligʻlanishi (artrit) koʻproq uchraydi. Shuningdek, B.larning qimirlamay qolishi (ankiloz), harakatining vaqtincha yoki butunlay cheklanishi (kontraktura) kuzatiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. Ahmedov, Nosir. "Boʻgʻim" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil