Kontent qismiga oʻtish

Bobil

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shahar xaritasi

Bobil (shumercha Kadingirra, akkadcha Babilu, aynan – tangri darvozasi) – Mesopotamiyaning shimoliy qismida, Furot daryosi boʻyida joylashgan shahar; hozirda Xilla shahri (Iroq). Bobil dastlab Akkad shohi Sargon (miloddan avvalgi 2364—2314) haqidagi afsonada va Ur davlatining III sulolasiga oid hujjatlarda tilga olingan. Bobil Birinchi Bobil sulolasi (miloddan avvalgi 1894—1595) davrida katta rol oʻynay boshlagan, Xammurapi davri(miloddan avvalgi 1792—1750) ga kelib esa nafaqat Mesopotamiyaning, balki butun Old Osiyoning yirik siyosiy, madaniy va xoʻjalik markaziga aylangan(taxminan 1595-yil). Bobil dastlab xettlar, soʻngra taxminan 1518-yil kassitlar bosib olgan. XIII-XII asrlarda shahar Ossuriya podsholari Tukultininurti I va Tiglatpalasar I tomonidan ikki marotaba vayron etilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik boshlarida Ossuriya va oromiy qabilalaridan xaldeylar oʻrtasida Bobil uchun kurash boʻlgan. Miloddan avvalgi 732-yildan Bobil Ossuriya davlati tarkibida boʻlgan. Miloddan avvalgi 689-yil shahar isyon koʻtarganligi sababli Ossuriya podshosi Sinaxerib tomonidan butkul vayron etilgan (taxminan miloddan avvalgi 680-yil). Sinaxeribning vorisi Asarxaddon tomonidan qayta tiklangan. Miloddan avvalgi 626-yil Blagi hokimiyatni xaldey Nabopalasar (626—604) egallab olgan. Navuxodonosor II (604—562) davrida shahar gullab yashnagan va ravnaq topgan. 538-yil Bobilni forslar shohi Kir bosib olgan. Miloddan avvalgi 331-yil Bobilni Makedoniyalik Aleksandr zabt etgan. Miloddan avvalgi 312-yil Bobil Aleksandrning sarkardalaridan biri Salavk qoʻli ostiga oʻtgan. Shu paytdan eʼtiboran Bobil yetakchilik mavqeyini yoʻqota borgan va milodiy II asrga kelib tarix sahnasidan uzil-kesil tushib ketgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil