Ballada

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ballada (frans. ballade, soʻnggi lot. ballo — raqsga tushaman) — 1) 14 — 15-asrlar fransuz adabiyotidan qatʼiy oʻrin olgan lirik janr (F. Viyon); 2) ingliz xalq poeziyasida liro-epik janr va romantizm poeziyasidagi ayni shunday janr (R. Berne, G. Byurger, I. V. Gyote va boshqalar). Romantik B. fantastika, folklor, afsonaviy - tarixiy, maishiy mavzudagi syujetga ega sheʼriy asardir. 20-asrda B. qatʼiy janr sifatida oʻz qimmatini yoʻqotadi (B. Brext, N. S. Tixonov va boshqalarning ayrim sheʼrlari bor xolos). B. janridagi asarlar namunalari oʻzbek mumtoz adabiyoti (Sayfi Saroyi — "Suxayl va Guldursun"; Alisher Navoiy — "Xotami Toyi") va zamonaviy adabiyot (M. Shayxzoda — "Sulh daraxti"; Shuhrat — "Mardlik afsonasi"; H. Olimjon — "Jangchi Tursun"; Gʻ. Gʻulom — "Suv va nur")da ham uchraydi; 3) (musiqada) — B. 12 — 13-asrlarda trubadur va truverlar ijodining asosiy janri sifatida keng rivoj topdi. Uygʻonish davrida uning polifonik turlari yuzaga keldi (Gilom de Masho). Musiqiy romantizm uslubida B. syujet (muayyan mavzu)li musiqa janri sifatida kamer-vokal (asosan, Avstriya va Germaniya kompozitorlari ijodida — F. Shubert, R. Shuman, F. List, I. Brams, X. Volf) va kamer-cholgʻu (asosan, fortepiano uchun: F. Shopen, E. Grig va boshqalar) asarlarida oʻz ifodasini topdi. Oʻzbekiston musiqasida B. koʻproq qahramonlik yoki ishqiy-qahramonlik, falsafiy talqinga ega (D. Zokirov, I. Akbarov, D. Saydaminova). M. Burhonovning xonanda va simfonik orkestr uchun "Ishq Oʻti" B.si (1939, Mashrab gʻazali) mazkur janrning Oʻzbekistondagi ilk namunasidir. B.ning muayyan xususiyatlari boshqa janrlarga singdirilganligi sababli bunday asarlar qoʻshma nomlar bilan ham ataladi (mas, B.-poema, B.simfoniya va boshqalar).

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil