Kontent qismiga oʻtish

Bagʻdod qamali (812—813)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bagʻdod qamali (812–813)
Toʻrtinchi fitnaning bir qismi

8-asr oxiri — 9-asr boshlarida Bagʻdod
Sanalar 812-yil avgust – 813-yil 28-sentyabr
Urush yeri Bagʻdod, Iroq
Natija Maʼmun kuchlarining hal qiluvchi gʻalabasi
Raqiblar
Aminning kuchlari Maʼmunning kuchlari
Qoʻmondonlar
Amin 
Abdurahmon ibn Jabala 
Muhammad ibn Yazid al-Muhallabiy
as-Samarqandiy
Tohir ibn Husayn
Harsama ibn Aʼyon
Zuhayr ibn al-Musayyab ad-Dabbiy

Bag‘dod qamali Amin va Ma’mun o‘rtasida Abbosiylar xalifaligi hokimiyati uchun Bagʻdoddagi ichki kurashning bir qismi edi. Qamal 812-yil avgustdan 813-yil sentyabrgacha davom etgan. Qamal haqida Muhammad ibn Jarir at-Tabariy o‘zining mashhur Paygʻambarlar va podshohlar tarixi asarida batafsil maʼlumot bergan.

Bagʻdod yoʻlidagi dastlabki janglar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ray jangida xalifa Amin qoʻshini magʻlubiyatga uchragab, qoʻshin qoʻmondoni Ali ibn Iso ibn Maxon halok boʻlgach[1], Amin qoʻshinlari Erondan gʻarbga, Iroqqa Bagʻdoddagi asosiy harbiy lager tomon chekinishdi. Ray jangida gʻalaba qozongan Maʼmunning lashkarboshisi Tohir ibn Husayn chekinayotgan qoʻshinni taʼqib qilishga qaror qildi. Biroq, Abdurahmon ibn Jabala qoʻshimcha kuchlar bilan Bagʻdoddan yordamga yetib keldi[2]. Abdurrahmon Hamadon qalʼasida mustahkamlanib, himoyalanishga qaror qildi. Tohir ibn Husayn shaharga yaqinlashgach, Abdurrahmon tashqariga chiqib, dushmanga qarshi turishga qaror qildi. Abdurrahmon qoʻshinlari ikki marta shaharga chekindi. Tohir ibn Husayn shaharni qamal qilgach, Abdurrahmon qoʻshinlari shahar devorlaridan oʻqlar yogʻdirib, toshlar ota boshladilar. Oxir-oqibat, Abdurrahmon Hamadon aholisining qamaldan noroziligi va zahira tez tugayotgani tufayli shaharni tashlab chiqib, maʼlum shartlar asosida kelishishga majbur boʻldi[2].

Abdurahmon ibn Jabala shaharni tark etgach, Tohir ibn Husayn Hamadonda ortiqcha vaqtni boy bermay, gʻarbga, Bagʻdod tomon yoʻl oldi. Qoʻshin Asadobod degan dovonda Abdurrahmon ibn Jabala pistirmasiga uchradi. Toʻsatdan qilingan hujum Tohirning qoʻshinlarini sarosimaga soldi. Ammo qoʻshin tartib qatʼiy boʻlgani uchun piyoda askarlar dushmanni Tohir ibn Husayn otliqlari hujumga tayyor boʻlgunga qadar ushlab turishga muvaffaq boʻldi. Shu joyda Abdurrahmon ibn Jabala halok boʻlib, qoʻshini magʻlubiyatga uchradi[2].

Qisqa muddatdan keyin Tohir ibn Husayn Bag‘dodga yurishini davom ettirdi. Avval Ali ibn Iso ibn Mahon, keyin esa Abdurrahmon ibn Jabalaning mag‘lubiyatga uchragani haqidagi xabar xalifa Aminni qattiq iztirobga soldi. Bag‘dodliklarga Tohir ibn Husaynni to‘xtatib bo‘lmaydigandek tuyuldi. Shunga qaramay, Ahvozda Muhammad ibn Yazid al-Muhallabiy boshchiligidagi qoʻshin Tohir ibn Husayn qo‘shinlariga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Muhallabiy qoʻshinini magʻlub etgan Tohir Bagʻdod darvozasiga yetib bordi. Harsama ibn Aʼyon boshchiligidagi qoʻshinlar ham oʻz vaqtida yetib kelib, Tohir qoʻshiniga qoʻshildi[1].

Apokrifiy hikoyada aytilishicha, Bagʻdodni akasi Maʻmun qoʻshinlari qamal qilgani haqida xabar berilganda Amin shaxmat oʻynayotgan boʻlgan. Bagʻdod taslim boʻlishga yaqin ekanini aytgan xabarchi xalifaga shaxmat oʻynash emas, balki shahar himoyasiga qarash kerakligini maslahat bergan. Amin xabarchiga sabr qilishni buyuradi. Chunki raqibni yutish uchun bir necha qadam qolgandi. Shaxmat qanday natija bilan yakunlangani nomaʼlum, ammo Amin qoʻlga olinib, eʼtiborsizligi uchun haqni hayoti bilan toʻlagan[3].

Qamal oʻsha davrdagi urushda tengi yoʻq edi[2]. Shaharning oʻzi devor bilan oʻralgan boʻlsa-da, aholining katta qismi devori boʻlmagan shahar atrofida yashagan. Shunday qilib, qamal mustahkamlangan qalʼaga hujum bilan emas, balki koʻcha janglari, uyma-uy bosqin va vaqtinchalik istehkomlardagi kurashlar bilan kechdi. Bu, ayniqsa, tinch aholi uchun juda halokatli boʻldi[2]. Tohir ibn Husayn darhol qoʻmondonlariga, yaʼni Zuhayr ibn al-Musayyab ad-Dabbiyga va Harsama ibn Aʼyonga Qasr Raqqat Kalvadha va Nahr Binda qarorgoh qurishni buyurib, oʻzi Anbar darvozasida qarorgoh qurdi[1]. Qoʻshinlar qamal uskunalari va manjaniqlarni oʻrnatdilar va xandaqlar qazdilar. Har ikki tomon qamal qurollaridan foydalangani maʼlum. Bir paytlar Amin generali as-Samarqandiy Dajla daryosi boʻylab manjaniqlarni tashish uchun qayiqlardan foydalangan va Bagʻdod atrofidagi dushman pozitsiyalarini bombardimon qilgan. Bu taktika esa qamal qiluvchilardan koʻra tinch aholiga koʻproq zarar yetkazgan[2]. Aminning Qasr Xolih saroyida, Darb al-Hijora va ash-Shammasiya darvozasida bir qancha shafqatsiz janglar boʻldi. Qamalning keyingi bosqichlarida Amin qoʻshinlari orasida tartibsizliklar boshlandi[1].

Vaziyat yomonlashib, Tohir ibn Husayn shaharga kirgach, Amin xavfsizligi uchun muzokaralar olib borishga harakat qildi. Tohir ibn Husayn oʻzi istamasa-da, Amin xalifalik mansabining muhri, asosi va boshqa nishonlarini topshirishi sharti bilan kelishuvga rozi bo‘ldi. Amin buni xohlamay, qayiqda shahardan chiqib ketmoqchi boʻldi. Tohir ibn Husayn qayiqni payqab qolib, odamlarini xalifaning ortidan jo‘natadi. Amin asirga olinib, bir xonaga keltiriladi va shu xonada qatl qilinadi. Xalifaning boshi Anbar darvozasiga osib qoʻyilgan. Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Tohirning yangi xalifa Maʼmunga yozgan maktubidan iqtibos keltirgan. Xatda Maʼmunga Aminning qoʻlga olinishi, qatl etilishi va Bagʻdoddagi tinchlik holati haqida xabar berilgan[1].

Maʼmunning Amin ustidan gʻalabasi. Nigoriston qoʻlyozmasidan. Eron, ehtimol Sheroz. 1573—1574-yillar.

Natijada Maʼmun Abbosiylarning yangi xalifasiga aylandi. Biroq, shahardagi vayronagarchilik va tartibsizliklar tufayli 819-yilgacha Bagʻdodga bormadi.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Fishbein (1992), pp. 197–202
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 Kennedy (2001), p. 109
  3. „Saudi Aramco World : The Game of Kings“.