„Back to December“ (tarjimasi „Dekabrga qaytish“) amerikalik qoʻshiqchi va qoʻshiqnavis Taylor Swift ijrosidagi qoʻshiqdir. Ashula 2010-yil 15-noyabrda Swiftning uchinchi studiya albomi sanalmish Speak Now (2010) ning ikkinchi singli oʻlaroq chiqarildi. Swift „Back to December“ qoʻshigʻini butun ijodi davomidagi kimdandir kechirim soʻragan ilk qoʻshiq deya taʼriflaydi. Ashula chiqarilgandan soʻng, tanqidchilar bu tarona uning sobiq sevgilisi Taylor Lautner uchun yozilgan deb taxmin qilishdi, biroq na Swift, na Lautner bu taxmin toʻgʻri yoki aksi ekanligi haqida gapirdi. Umuman olganda, „Back to December“ bu orkestralcountry pop janridagi balladadir. Ashula soʻzlari ikki oshiqning ajralishi haqida hikoya qiladi.
„Back to December“ ashulasi koʻpchilik tanqidchilar tomonidan xush qarshilandi. Qoʻshiq soʻzlar tufayli Speak Now albomining eng yaxshi singllaridan biriga aylandi. Tanqidchilarning koʻpchilik qismiga qoʻshiqning ifodali soʻzlari, takrorlanuvchi ohanglari manzur keldi hamda Swiftning kuchaytirilgan vokali maqtovlarga sazovor boʻldi. Ashula AQShda tijoriy jihtadan muvaffaqiyat qozonib, Billboard Hot 100 chartida top oltinchi, Kanada musiqa chartida esa yettinchi raqamli qoʻshiq boʻldi.
Ashulaning hamroh video-klipiga Yoann Lemoine rejissorlik qilgan. Video-klip juftlikning ajralishidan keyingi dard va alamlarini bayon qiladi. Qoʻshiqni targʻib qilish maqsadida Swift bu ashulani 38-American Music Awards hamda 44-Country Music Awards taqdimotlarida ijro etdi.