Assom tili — Hindistonning shimoli-sharqidagi Assom shtatida yashovchi assom xalqining tili. Hind-yevropa tillari oilasiga kiradi. Assom tili X—XI asrlarda shakllana boshlagan. XIII asrda Assom yerlarini axomlar ishgʻol etishi bilan Accom tili axom leksikasi, oʻlkada vishnuiylik dini yoyilishi tufayli sanskrit leksikasi taʼsirida rivojlandi. Assomda inglizlar hukmron boʻlgan davrda bengal tili viloyatning rasmiy tili deb eʼlon qilingan. Bu davrda Assom tiliga bengal leksikasi katta taʼsir koʻrsatgan. Accom tili Hindiston milliy tillaridan biri boʻlib qolgan. Accom tilidagi adabiyot XIII asr oxiri — XIV asr boshlarida paydo boʻldi. XV — XVI asrlarda koʻproq diniy mavzuda asarlar yaratildi. XVII — XVIII asrlarda tarixiy voqealar aks etuvchi yilnoma (buranj)lar hamda diniy arboblar hayoti aks etuvchi asarlar keng tarqaldi. XIX asrning 2-yarmiga kelib yangi adabiy janr (roman, hikoya)lar paydo boʻldi. Accom tilida jurnal nashr etila boshladi. Publitsistika ham taraqqiy etdi. Ingliz mustamlakachilariga qarshi xalq qoʻzgʻoloni milliy ozodlik harakatini yangi bosqichga koʻtardi. Bu davr adabiyotida vatanparvarlik gʻoyalari ilgari surildi (P. Chaudxuri, „Joʻshqin qoʻshiqlar“). XX asrning 2- yarmida ijod etgan yozuvchilar asarlarida ijtimoiy taraqqiyot uchun kurash asosiy oʻrinni egalladi (S. A. Malik, Ch. K. Gogʻoya, Sharma Dinapatxa, P. Pxukana va boshqalar)[1].