Asbest sanoati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Asbest sanoati — Asbest rudasini qazib olish va asbest tolasi ishlab chiqarish sanoati. Qadimgi Xitoy, Hindiston, Yunonistonda asbestdan turli buyumlar tayyorlangan. Asbestning oʻtga chidamli boʻlishi (1550° da eriydi), elastikligi, adsorbsiya qobiliyati, kam miqdorda issiklik va elektr tokini oʻtkazishi, yuqori mexanik qattikligi kabi xususiyatlari uni texnik maqsadlarda 19 — asrning 80- yillaridan koʻp sanoat tarmoqlarida keng qoʻllanishiga olib keldi. Hozirgi kunda Asbest sanoati qoʻshilgan mahsulotlarning 2 mingga yaqin xili energetika va elektrotexnika sanoatida, temir yoʻl transporta, aviatsiya, traktor, avtomobil ishlab chiqarishda va b.da qoʻllaniladi. Asbest sanoatining fizik va kimyoviy xususiyatlari uni qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalanishiga keng imkoniyat yaratadi. Oʻzbekistondagi uch korxona: „Bekobodsement“, „Quvasoy-sement“ va „Ohangaronsement“ aksiyadorlik jamiyatlari har yili oʻrtacha 3,5 mln. dona katta oʻlchamli asbotsement shifer (toʻlqinli va yassi) va 525 km asbotsement quvurlar ishlab chiqaradi. Ularning jami ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 11,4 mln. dona katta oʻlchamli shifer va 1671 km quvurdan iborat. Mamlakatimizda sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan Asbest sanoati konlari ochilmaganligi sababli, hozirgiga qadar ushbu xom ashyo Qozogʻiston va Rossiya korxonalaridan keltiriladi. Importni kamaytirish maqsadida mumkin boʻlgan joylarda asbest mahsuloti oʻrniga bazalt va b. mineral tolalar ishlatilmokda, masalan, Ohangaron korxonasida shifer tarkibidagi Asbest sanoatini 30 % gacha mineral tolaga almashtirildi. Asbestning atrof muhitga salbiy taʼsiri borligi sababli dunyo miqyosida Asbest sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish Keyingi yillarda kamayib bormoqda[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]