Amazon daryosi yoki Amazonka (portugalcha: Rio Amazonas) — Janubiy Amerikadagi daryo, sersuvligi va havzasi maydonining kattaligi jihatidan dunyoda birinchi oʻrinda, uzunligi jihatidan (6,4 ming km, Ukayali irmogʻi bilan taxminan 7 ming km) Nil daryosidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Amazon 7180 ming km² maydondan suv yigʻadi. Asosiy irmogʻi — Maranon. Sharqiy Kordilera togʻ tizmasini kesib oʻtgandan keyin Amazonka pasttekisligiga chiqadi va Ukayali daryosi bilan qoʻshilib Amazonni hosil qiladi. Amazonga taxminan 500 irmoq quyiladi, koʻpchiligi yirik daryo hisoblanadi. Oʻng tomondan Ukayali, Jurua, Madeyra, Tapajos, Shingu, chapdan — Isa, Yapura, Riu-Negru daryolari qoʻshilib kengaya boradi, oʻrta oqimida 5km, dengizga quyilish oldida 80-150km gacha kengayadi. Amazonning chuqurligi oʻrta oqimida taxminan 70 m, quyilish joyida 15-45 m. Daryo doim sersuv, may, iyun oylarida daryo sathi balandlashadi. Amazon yil davomida oʻz havzasidan 1 mlrd. tonna loyka oqizib keladi. Oʻrtacha suv sarfi 220 ming m³/sek. Aling irmoqlarida yirik viktoriya-re-giya oʻsimligi oʻsadi, suv hayvonlaridan lamantinlar, delfinlar, suv choʻchqalari yashaydi. 2000 baliq turi bor. Amazon kemalar qatnay oladigan qismining uz. 4300km. Manaus shahrigacha (okeandan 1690km) yirik okean kemalari qatnaydi. Asosiy portlari: Ikitos, Manaus, Obidus, Santa-rel, Belen[1].