Abu Idris al-Xavloniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Idris Oizulloh ibn Abdulloh ibn Amr al-Xavloniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 630-yil (hijriy 8-yil)
Vafoti milodiy 699-yil (hijriy 80-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis, tobeʼin

Abu Idris al-Xavloniy (arabcha: أبو إدريس الخولاني — Abu Idris Oizulloh ibn Abdulloh ibn Amr al-Xavloniy) — muhaddis, tobeʼin.

Abu Idris al-Xavloniy 630-yil (hijriy 8-yil)da Damashqning Xavlon qishlogʻida tugʻilgan.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Damashq fathidan so‘ng u yerda qo‘nim topgan ko‘plab sahobalarning aksariyati bilan ko‘rishib, ulardan taʼlim olgan. Umar, Abu-d-Dardo, Abu Zarr al-Gʻiforiy, Abu Muso al-Ash’ariy, Bilol Habashiy, Abu Hurayra, Avf ibn Molik, Uboda ibn Somit kabi sahobalardan hadis o‘rgangan. Abu Idris al-Xavloniydan Ibn Shihob az-Zuhriy, Makhul, Ato al-Xurosoniy, Salama ibn Dinor, Yunus ibn Maysara kabi olimlar hadis ilmidan taʼlim olganlar.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Idris al-Xavloniy Muoviyaning Shomdagi qozisi, sahoba Fazola ibn Ubayd vafot etganidan so‘ng (hijriy 53-yil, milodiy 673-yil), uning o‘rniga tayinlangan va bu vazifani Yazid I (680-683-yillar) va Abdulmalik ibn Marvon (685-705-yillar) davrlarida ham davom ettirgan. Abdulmalik ibn Marvon davrida voizlik vazifasini ham ado qilgan, faqat bir muddatdan so‘ng voizlikdan ozod qilinib, qozilik vazifasida qolgan. Voizlikni juda yaxshi ko‘rganini eʼti­rof qilib, „Meni zavq bilan qilgan ishimdan ozod qilib, o‘zim istamagan vazifada qoldirdilar“, deb aytgan.

Damashq masjidida Qur’on taʼlimini olish bilan mashg‘ul bo‘lgan turli guruhlar sajda oyatiga duch kelganlarida Abu Idris al-Xavloniyni chaqirar edilar va sajda oyati­ni unga o‘qitib, orqasida turib sajda qilardilar.

Abu Idris al-Xavloniy ishonchli muhaddis, ilmiga amal qiluvchi, Islom huquqini nozik anglagan faqih va qiroat olimi bo‘lgan.

Iqtiboslar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning go‘zal so‘zlari bor edi:

Iffatli bo‘ling! Erkaklari iffatli bo‘lmagan millatning ayollari iffatli bo‘lmas.

Ko‘rib tushungan, ko‘rib hayratlangan kishidan ko‘ra qiymatlidir.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Idris al-Xavloniy 699-yil (hijriy 80-yil)da Damashqda vafot etgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. VIII, 448;
  2. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. VII, 83;
  3. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1282. III, 99;
  4. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. I, 56-57;
  5. Az-Zahabiy. Siyar. IV, 272-277;
  6. Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. I, 88.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.