Abdulloh kotib madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Abdulloh kotib madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Abdulloh kotib
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Abdulloh kotib
Asosiy sana:
XIX asr
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 8 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Abdulloh kotib madrasasi — Buxoro madrasasi. Hozirgi kunda madrasa saqlanib qolmagan. Abdulloh kotib madrasasi XIX asrda Mulla payravi guzarida[1], Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Abdulahadxon davrida, Abdulloh kotib tomonidan bunyod etilgan. Mulla payravi guzarida asosan mudarrislar, immomlar va savdo ahli istiqomat qilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Birinchi vaqf hujjatida „Mulla Abdulloh Moʻysafid Aʼmr valadi mulla Qurbon Maymanagiy foxirayi Buxoroyi sharifda hijriy 1307-yili safar oyida (1889-yil), mulla Payravi guzaridagi hovlisini vaqf qiladi“. Madrasa gʻarbida Akrom oqsoqol hovlisi, sharqida Inoyatullaxoja hovlisi, sharqi va janubida koʻcha mavjud boʻlgan. Abdulloh kotib hovlisi toʻrtta pastki va 3 ta yuqorigi hujra va darvozadan iborat boʻlgan. Hovli madrasa sifatida talabalar oʻqishi uchun topshirilgan. Madrasa voqifi bitta guruchfurshchilik va bitta qassobchilik doʻkonini vaqf qiladi. Vaqf mulkiga Abdulloh kotibning oʻzi mutavvali boʻlgan va u vafot etsa uning vazifasini qozikalon bajargan. Vaqf hujjatida ushbu madrasada 6 ta hujrada 12 nafar talaba yashaganligi koʻrsatilgan. Madrasa 1 ta hujrasi darsxona uchun ajratilgan. Madrasaga oid yana bir vaqf hujjati boʻlib, 1891-yilda rasmiylashtilgan. Madrasa uchun Abdulloh kotib qogʻozfurushlik doʻkonini vaqf qiladi. Madrasada faoliyat koʻrsatgan mudarrislar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar keltirilgan. Unda Mulla Qudratulloh maoshi 12 tilla, mulla Abdukarim maoshi 4 tillani tashkil etgan. 1903—1904-yillarda ushbu madrasada mulla Idrisxoja mudarrislik qilganligi toʻgʻrisida vaqf hujjatlarida maʼlumotlar mavjud[2]. Sadri Ziyo Abdulloh kotib madrasasida 8 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Abdulloh kotib madrasasi 8 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.