Abdulloh ibn Munozil

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Muhammad Abdulloh ibn Munozil an-Naysoburiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 941-42-yil (hijriy 330-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi Malomiylar namoyandasi

Abdulloh ibn Munozil (arabcha: عبد الله بن محمد بن منازل — Abu Muhammad Abdulloh ibn Munozil an-Naysoburiy,? — 330/941-42,Nishopur) — malomiylar namoyandasi.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hijriy IV asrda yashagan ahli sunna val-jamoa ulamolaridan hamda tasavvuf namoyandalaridan biri. Ilk diniy bilimlarini o‘spirinlik davrida olgan. Xususan, hadis ilmini o‘rgangan. Keyinroq tasavvufga o‘tgan. Manbalar uning malomatiylarning piri Hamdun al-Qassorning eng mashhur muridi bo‘lganini tasdiqlaydi. Sha’roniy va Munoviylar o‘z shayxlaridan keyin Xuroson-Nishopur mintaqasining eng nufuzli so‘fiysi bo‘lgan Abdulloh ibn Muhammad ibn Munozilni malomatiy shayxi sifatida eʼtirof etganlar.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nishopurda vafot etgan. Qabri Anbordagi „Birodarlik qabristoni“da.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Muhammad ibn Munozil tasavvufiy tushunchasi­ning eng asosiy xususiyati malomiy-­mashrab ekanidir. Hamdun al-Qassor boshlab bergan bu tushuncha uning g‘oyalari, qarashlari va qarorlari bilan yanada ravnaq topgan. Al-Qushayriy „Ar-Risāla“ asarida malomatiyya atamasiga joy ajratmagan bo‘lsa-da, ismlari zikr qilingan bu ikki shaxsning malomatiy bo‘lganini maʼlum qiladi. Abdulloh ibn Muhammad ibn Munozil „Kasb va g‘ayrat bilan birga Allohga tavakkul, kasbsiz xilvatdan afzaldir“, deb ichki dunyosi va darvesh­ligini maxfiy tutish uchun tirikchilik ishlariga sho‘ng‘ib ketuvchi hamda ja­miyat bilan aralashib yuruvchi malomiylarning bu boradagi asosiy qarashlariga eʼtiborini qaratadi. Uning fik­richa, o‘zini kuchsiz hisob­lab, tasavvuf yo‘liga kirgan shaxs quvvatlanadi, o‘zini kuchli hisoblagan esa, zaiflashadi. Abdulloh ibn Muhammad ibn Munozil nafsning istak­larini jilovlash uchun hatto tilanchilik qilishni ham tavsiya qilib, har bir voqeaga ilohiy qonun nuqtai nazaridan yondashadi va orif kishining hyech bir ishi g‘arib sanalmasligi kerakligini aytgan. Duo qilmagani va hech kimdan o‘zining haqqiga duo qilishini so‘ramaganini aytib, bu ishi bilan rozilik va taslimiyat namunasini ko‘rsatishga harakat qilgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Qushayriy. Ar-Risāla. — Qohira: 1972-74. 163;
  2. Attor. Tazkirat ul-avliyo. — Leyden: 1905-1907. II, 107;
  3. Ash-Shaʼroniy. At-Tabaqāt al-kubrā. — Qohira: 1954. I, 107;
  4. Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“. II, 330. Mustafa Kara. „Abdullah b. Muhammed b. Münâzil“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 120-121.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.