Kontent qismiga oʻtish

Layli va Majnun

Vikipediya, erkin ensiklopediya
("Layli va majnun"dan yoʻnaltirildi)
Nizomiy „Xamsa“sidagi „Layli va Majnun“ hikoyasini tasvirlovchi miniatura. XVI asr.

Layli va Majnun (arab. مجنون و ليلى („Majnun va Laylo“)) fors-turkiy romantik dostonidir. Chunki bu dostonlarni dastlab fors tarixiy asari „Shohnoma“da (Firdavsiy), keyinchalik shoir Nizomiy Ganjaviyning „Xusrav va Shirin“ dostonida va buyuk turkiy shoir Alisher Navoiyning beshligi boʻlmish ''Xamsa"sida uchraydi. Voqeiy boʻlmish bu hikoya Navoiyning ''Xamsa"sida Qays ibn al-Mulavvo ismli arab yigitining Layli ismli qiz bilan ishqiy munosabatlari yoritiladi. Oʻgʻlining bu qizga uylanishiga qarshi chiqqan otasining tazyiqlari va ayriliq tufayli Qays aqldan ozib, devona boʻladi („majnun“ va „jinni“ „dali“ soʻzlarining oʻzagi bir).

Layli va Majnun – Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan folklor hamda yozma shakldagi adabiy yodgorlik. Dostonning ilk kurtaklari VII asrning 2-yarmida paydo boʻlgan. Ayrim manbalarning maʼlumotiga koʻra, doston qahramonlari tarixiy shaxslardir. Ularda Majnun Bani Omir qabilasidan chiqqan, asl ismi Qays ibn Mulavvah yoki Qays ibn Muod boʻlgan yigit, deya taʼkidlanadi. Qays Layli ismli oʻz qabiladoshini sevgan hamda oʻz sevgisi va hijron alamlari haqida mungli sheʼrlar bitgan. Bunday maʼlumot, jumladan, ibn Qutaybaning (889) „Kitob ush-sheʼr va shuaro“ („Sheʼr va shoirlar haqida kitob“), Abul Faroj al-Isfahoniyning „Kitob ul-agʻoni“ („Qoʻshiq kitobi“) asarlarida keltirilgan. Lekin boshqa manbalar bu maʼlumotlarni inkor etadi. Masalan, arab olimi Avon ibn Hakim al-Qalbiy (764) va arab tarixchisi Hishom al-Qalbiy (819) Majnun tarixiy shaxs emas, degan fikrni ilgari suradi. VII asrning 2-yarmidayoq arab sheʼriyatida Majnun taxallusi ostida koʻplab mungli sheʼrlar vujudga keladi, bunday sheʼrlar tobora koʻpayib boradi, toʻplamlarga kiritiladi. Ammo Majnun nomi zikr etilgan sheʼrlarning barchasi ham yolgʻiz bir kishiniki emas. Arab olimlari al-Johiz (9-asr) va ibn al-Muʼtaz (908)ning aytishicha, kishilar Layli nomi bilan bogʻliq barcha sheʼrlarni Majnunga nisbat beraverganlar. XI asrda shoir Abul Bakr al-Volibiy tomonidan Majnunga nisbat berilgan barcha sheʼrlar toʻplanib, „Devoni Majnun“ tuziladi. Devonda sheʼrlarga sharhlar beriladi hamda sheʼrlar Majnun haqidagi rivoyatlarning syujetiga kiritiladi.

Layli va Majnun haqida ilk bor 1188-yilda ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy doston yaratgan. Ammo u asarni Xusrav va Shirin deb nomlagan va hikoya ular haqida soʻzlaydi. Nizomiy „Layli va Majnun“ dostonini ham gʻoyaviy, ham badiiy jihatdan har tomonlama yuksak darajaga koʻtardi va xamsachilik anʼanalari qatoriga qoʻshdi. Undan soʻng „Layli va Majnun“ dostoniga koʻplab shoirlar murojaat qilishdi. Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy qalamlariga mansub „Layli va Majnun“ dostonlari mashhur. Garchi ushbu dostonlar bitta nom bilan atalsa va ulardagi voqealar tizimi bir-biriga juda oʻxshash boʻlsada, har bir muallifning „Layli va Majnun“i oʻziga xos va betakror asardir. Hozirgacha mazkur dostonning oʻzbek, arab, fors, ozarbayjon, turk, turkman, tojik, gruzin, panjob, kurd, urdu tillaridagi koʻplab variantlari mavjud. „Layli va Majnun“ dostoni xalq ogʻzaki ijodi ravnaqiga ham beqiyos ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Jumladan, oʻzbek xalq ijodiyotining „Tohir va Zuhra“, „Oshiq Gʻarib“ kabi dostonlariga „Layli va Majnun“ning taʼsiri borligi eʼtirof etiladi[1].

„Layli va Majnun“ da ishq

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Majnun va Layli komillikda vahdatni-yagona- yaxlitlikni tashkil etadi. Bu esa nihoyatda baland darajadagi xos ishqning koʻrinishi boʻlib, unda jismoniylik emas, balki maʼnaviylik yetakchi mavni egallaydi. Bunday yuksak darajadagi xos ishqni tushunmaydiganlar Majnun va Layli ishqi mohiyatini ham tushunmaydilar. Bular qatorida Laylining otasi ham bor, ibn Salomlar ham bor.

Shuning bilan bir qatorda Alisher Navoiy dostonda Majnun va Laylilar ishqi mohiyatini tushunuvchi va ularga yordam qoʻlini choʻzganlar ham borligini Navfal obrazi misolida koʻrsatadi. Chunki:

Navfalki Arabda erdi nodir,
Tigʻiga qadar, oʻqigʻa qodir.
Yaxshiliq ila Arabda mavsum,
Oromgahi bu marz ila bum…
Navfal dagʻi ishq koʻrgan erdi,
Gʻam dashti aro yugurgan erdi.

(MAT, 9-tom, 152—153-betlar).

Shu jihatdan Navfal qizi va uning sevgilisi taqdirining ijobiy hal qilingani tushinarlidir. Ammo Navfal qizi va uning sevgilisining muhabbati Majnun va Laylilar oʻrtasidagi ishq-xavos ishqi darajasiga koʻtarilgan emas. Navfal qizi va sevgilisining oʻzaro ishqi Alisher Navoiy taʼriflagan "avom ishqidurkim, …derlar: „falon falonga oshiq boʻlubdur… va bu qismning (avom ishqining) biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnat…“ (MAT, 14-tom, 67-bet).

Alisher Navoiy dostonida bu ikki xil ishqning talqinida shoir majoziy ishq martabasiga Majnun va Laylilar ishqi misolida alohida urgʻu beradi, chunki bu martaba komillik martabasi boʻlib, unda „pok koʻzni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok koʻngul ul pok yuz oshubidin koʻzgʻolmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq“dir (MAT, 14-tom, 68-bet)

Demak, Alisher Navoiy mazkur dostonda hamma sohada poklikka erishgan komil inson haqidagi mulohazalarini Majnun va Layli afsonasi vositasida bayon qiladi:

 

(MAT, 9-tom, 310—312-betlar).

Shunday qilib, Alisher Navoiy „Xamsa“sidagi ikkinchi – „Farhod va Shirin“, uchinchi – „Layli va Majnun“ dostonlari haqida umumiy yoʻnalish tarzida mulohaza yuritdik. Agar diqqat bilan qaralsa, bu ikki dostonni bir-biriga yaqinlashtiruvchi mushtarak mavzu – komil inson mavzusi bor. Bu mavzu ularni bir-biriga bogʻlabgina qolmaydi, balki mavzuning har bir dostonda oʻziga xos tarzda yoritilishi ularning uslubiy oʻziga xosliklarini namoyon etadi, yaʼni „Farhod va Shirin“da bu mavzu ijtimoiy faollik koʻlamida yoritilsa, „Layli va Majnun“da esa asosan ishq maydonidagi ichki kechinmalar, ruhiy holatlarning chuqur tasviri orqali nihoyatda mahorat bilan tasvirlanadi.

Demak, Alisher Navoiy bu dostonlarda bir mavzuni ikki yoʻnalishda davom ettirib, uning koʻp qirrali ekanini koʻrsatishga, badiiy timsollar, voqealar, hikoyatlar orqali tasvirlashda katta mahoratini namoyon etgan.

  1. Sanjar Nazarov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil