Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkiloti (YXHT) — davlatlar oʻrtasida xavfsizlik va hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtiruvchi va ularning rivojlanish tamoyillarini belgilab beruvchi, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni demokratlashtirishga koʻmaklashuvchi xalqaro tashkilot. Dastlab umum Yevropa kengashi (AQSh va Kanada ishtirokida) sifatida faoliyat koʻrsatib Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha kengash nomi bilan atalgan (1973—91). 1973-yil 3—7-iyulda Helsinki shahrida kengashning 1-bosqich (Yevropadagi 33 davlat tashki ishlar vazirlari ishtirokida), 1973-yil 18-sentabrdan 1975-yil 21-iyuligacha Jeneva shahrida 2-bosqich (35 davlat vakillari ishtirokida) va 1975-yil 30-iyuldan 1-avgustgacha Helsinki shahrida 3-bosqich (35 mamlakat siyosiy va davlat rahbarlari ishtirokida) uchrashuvlari boʻlgan. Pirovardida Yakunlovchi hujjat qabul qilinib, u Yevropada tinchlikni taʼminlashning muhim omiliga aylangan. Kengashning Madrid konferensiyasi (1991-yil aprel)da Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkiloti Parlament assambleyasini tashkil etishga qaror qilindi (1991-yil iyulda taʼsis etilgan). Yevropada yuz bergan jarayonlar, „sovuq urush“ning tugashi natijasida vujudga kelgan oʻzgarishlar kengashning tashkilot sifatida toʻliq shakllanishiga olib keldi. Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkilotiga 54 davlat aʼzo (2002-yil yanvar). Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari 2 yilda bir marta oliy darajada uchrashuv oʻtkazadilar. Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkilotining Istanbul shahrida boʻlgan sammitida (1999-yil 18—19 noyabr) Yevropada xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashning 21-asrdagi yangi tamoyillari belgilandi. Tashkilotga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari har yili uchrashib turadilar (Vazirlar kengashi). Tashkilotning yana bir organi — Boshqaruvchi kengash har yili 3 marta Praga shahrida yigʻiladi, bir marta iqtisodiy forum oʻtkazadi. Muntazam ishlovchi doimiy kengashning majlislari haftada 1 marta boʻladi. Xavfsizlik va ishonchni mustahkamlash, qurollanish ustidan nazorat masalalarini muhokama qiluvchi Xavfsizlik boʻyicha hamkorlik forumi mavjud. Uning majlislari ham har qaftada oʻtadi. Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkiloti qarorgohi Vena shahrida.

Oʻzbekiston 1992-yil 30-yanvarda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga qabul qilindi. Bu bilan Oʻzbekistonning Yevropa davlatlari, shuningdek, AQSh, Kanada bilan har tomonlama hamkorlik qilishiga yangi yoʻl ochildi. Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkilotining koʻplab tadbirlari orqali Oʻzbekiston rahbariyati xalqaro miqyosdagi tashabbuslarni, dunyoning dolzarb masalalariga munosabatini jahon hamjamiyati eʼtiboriga havola qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenta I. Karimov Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkilotining Lissabon sammitida (1996-yil dekabr) mojarolar yuz berib turgan hududlarga yashirincha qurol-yarogʻ etkazib berishni toʻxtatish, Istanbul sammitida (1999-yil noyabr) terrorizmga qarshi kurash boʻyicha xalqaro markaz tuzish haqida taklif bilan chiqdi. Oʻzbekiston Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkiloti rahnamoligidagi koʻplab anjumanlarga mezbonlik qilib keladi. Toshkentda Yevropa xavfsizlik va hamkorliktashkilotining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar boʻyicha byurosi ish olib boradi[1].

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil