Yevropa Kengashi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yevropa bayrog'i

Yevropa Kengashi (YeK) — Yevropa davlatlarining har tomonlama hamkorlik qilishiga koʻmaklashuvchi xalqaro tashkilot. 1949-yil taʼsis etilgan. YeK ning maqsadi: aʼzo mamlakatlar oʻrtasida yakin alokalarni taʼminlash; Yevropaning demokratik va xavfsiz makonga aylanishiga, plyuralistik demokratiyani va inson huquqlarini mustahkamlashga, yevropacha oʻzini oʻzi anglash va madaniy bir xillikni rivojlantirishga yordam berish. Yevropadagi 40 dan ortiq davlat aʼzo hisoblanadi. Yevropa Kengashiga aʼzo boʻlib kirishni istagan davlat muayyan talablarga javob berishi kerak: uning davlat muassasalari va huquqiy tuzilishi demokratiyaning asosiy prinsiplariga, inson huquqlariga rioya etilishiga muvofiq boʻlishi lozim, xalq vakillari esa erkin, teng va umumiy saylovlar yoʻli bilan saylanishi kerak. Yevropa Kengashiga qabul qilishda, jumladan, fikrni ifodalash erkinligi boʻlishi, milliy ozchiliklar himoyalanishi, xalqaro huquq meʼyorlariga rioya etilishi mezon hisoblanadi. Yevropa Kengashi aʼzosi inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasining katnashchisi boʻlishi shart. Yevropa Kengashining kuyidagi organlari bor:

  1. Vazirlar koʻmitasi.
  2. Parlament assambleyasi.
  3. Tarmoq vazirlari kengashi.
  4. Kotibiyat.

Vazirlar qoʻmitasi Yevropa Kengashining oliy organidir. U aʼzo mamlakatlar tashki ishlar vazirlaridan tashkil topadi va Yevropa Kengashining ish dasturi yuzasidan qarorlar qabul qiladi, turli hukumatlararo ixtisoslashgan qoʻmitalar, tarmoq vazirlar kengashlari takliflari boʻyicha qarorlar chiqaradi, Yevropa Kengashi byudjetini qabul qiladi va inson huquqlari boʻyicha Yevropa komissiyasi aʼzolarini tayinlaydi. Odatda, yiliga 2 marta vazirlar darajasida yigʻilish oʻtkazadi. Parlament assambleyasi milliy parlamentlar deputatlaridan tashkil topgan deputatlar va ularning oʻrinbosarlaridan iborat. Assambleya kun tartibida turgan masalalarni muhokama qiladi, tavsiyalar ishlab chiqadi, konferensiya, kollokvium va ochiq parlament majlislarini tashkil qiladi. Bosh kotibni va uning oʻrinbosarini, inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi sudyalarini saylaydi. Kotibiyatni 5 yil muddatga saylanadigan Bosh kotib boshqaradi. Yevropa Kengashi organlari Strasbur shahrida (Fransiya) joylashgan[1].

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil