Xudoning mavjudligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xudoning mavjudligi muammosi ustida faylasuflar, teologlar va boshqalar bahs olib bormoqdalar. Falsafada xudoning mavjudligi yoki mavjud emasligi mavzusidagi argumentlar xudo ontologiyasining epistemologik dalillaridir. Xudoning mavjudligiga doir munozara talaygina falsafiy vazifalarni yechishni taqozo etadi. Asosiy muammo shundaki, xudoning taʼrifi aniq emas. Taʼrifi keskin aniqlanmagan obyektning mavjudligi borasida fikrlash fan uchun xos emasdir. Xudoning nima ekanligini ochiqlovchi baʼzi taʼriflar shunday noaniqki, bu taʼrifni qondiruvchi nimarsa mavjudmi yoki yoʻqmi, degan savol javobsiz qoladi; boshqa taʼriflar esa oʻz-oʻziga qarshi tezislardan iborat, shuning uchun bunday taʼrif bilan aniqlangan obyekt mavjud boʻla olmaydi. Shunga qaramay, xudoning mavjudligini qoʻllab-quvvatlovchi argumentlar ilgari surilgan. Ular metafizik, empirik, induktiv hamda subyektiv tiplarga ajratiladi. Ularga javoban xudoning mavjud emasligini taʼkidlovchi argumentlar ham oʻrtaga qoʻyilgan; ular empirik, deduktiv va induktiv tiplarga boʻlinadi. Muammoga turlicha yondoshiladi: teizm, xudo mavjud, deb uqtiruvchi dunyoqarash; ateizm, xudo mavjud emas, degan qarash; agnostitsizm, xudoning mavjud yoki emasligi haqida bilishning iloji yoʻq, degan xulosaga ega dunyoqarash. Mazkur muammo akademik fanning vazifasi emasligi iddao etilgan boʻlsa-da, falsafada bunday bahs koʻriladi, hamda ommaviy madaniyatda bu oʻz aksini topgan.