Soliq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Soliq, deb davlat va/yoki mahalliy boshqaruv faoliyatini taʼminlash uchun davlat organlari tomonidan tashkilot va jismoniy shaxslardan yigʻib olinadigan toʻlovga aytiladi.

Davlat byudjeti daromadlar qismining asosiy manbai soliqlar hisoblanadi. Soliq iqtisodiy kategoriya sifatida, sof daromadning bir qismini byudjetga jalb qilish shakli boʻlib, moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismini tashkil qiladi.

Soliq — bu davlatning oʻz vazifalarini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan moliyaviy mablagʻlarni shakllantirish maqsadida jismoniy va huquqiy shaxslardan byudjetga majburiy toʻlovlarni undirish shakli.

Soliqlar — davlat tomonidan amaldagi qonunlar asosida yuridik va jismoniy shaxs (alohida fuqaro va korxona)larning daromadi yoki molmulkidan undiriladigan va byudjetgan oʻtkaziladigan majburiy toʻlov. S. davlat byudjeti daromadlarining asosiy manbai va davlat iqtisodiy siyosati vositalaridan biri. S.ning kelib chiqishi davlatning paydo boʻlishi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, juda qad. tarixga ega. Tarixiy manbalarda bundan 3760 yil muqaddam Bobil davlatida Hammurapi qonunlari bilan S.ning joriy etilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar uchraydi. Hoz. davrda ham davlat bajaradigan vazifalarni mablagʻ bilan taʼminlash muammosi S.ning obʼyektiv zarurligini keltirib chiqaradi. Davlat daromadlari manbalari tarkibida S. salmoqli oʻrinni egallaydi. Mas, davlat byudjeti daromadlarining 70—90% S. hisobiga taʼminlanadi. Har qanday S.ning asosiy unsurlari: soliq subʼyekti (yoki soliq toʻlovchi) — qonun yoʻli bilan shu soliqni toʻlash majburiyati yuklangan fuqarolar, korxona, tashkilotlar; soliq obʼyekti — undiriladigan soliq summasini hisoblab chiqarishga asos boʻladigan daromad yoki molmulk (ish haqi, sotish hajmi, korxona molmulki qiymati, yer, qazib olingan qazilma boyliklar hajmi va b.); soliq manbai — aniq bir soliqni toʻlashga manba boʻladigan daromad (daromad turi) (ish haqi, foyda, gonorar — ijod haqi) yoki daromad keltirishi mumkin boʻlgan molmulk (yer, imorat,. meros, hadya mulk va b.); soliq stavkasi.

Undirish usuliga koʻra, toʻgʻri va egri S.ga boʻlinadi. Toʻgʻri S. molmulk va daromadga bevosita joriy qilinadi va soliq toʻlovchi tomonidan oraliq vositachilarsiz toʻlanadi. Keng tarqalgan turlari: qoʻshilgan qiymat soligʻi, daromad soligʻi, meros hamda hadya soligʻi, tovar aylanmasi soligʻi, savdo soligʻi, eksportimport soligʻi va b. Egri S (aksizlar) tovar (xizmat)lar narxlariga yoki tariflarga kiritish moʻljallangan va keyinchalik tovarlar isteʼmolchilariga yuklanadigan S. Davlat tuzumi xususiyatlariga koʻra, S. tizimi umumdavlat (markaziy) va mahalliy (maʼmuriy-hududiy birliklar) S. va yigʻimlardan tashkil topadi.

Oʻzbekiston Respublikasida S. tizimining huquqiy asoslari, uni toʻlovchilarning huquqlari hamda majburiyatlari, soliq ishlarini yuritish tartiboti 1997 y. 24 apr.da qabul qilingan va 1998 y. 1 yanv.dan amalga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasida joriy etilgan umumdavlat S.i: yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligi; jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligi; qoʻshilgan qiymat soligʻi; aksiz soligʻi; yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq; ekologiya soligʻi; suv resurelaridan foydalanganlik uchun soliq. Umumdavlat S.i har yili qonuniy tartibda belgilanadigan normativlar boʻyicha tegishli byudjetlar oʻrtasida taqsimlanadi. Mahalliy S. va yigʻiml a r — molmulk soliq; yer soligʻi; reklama soligʻi, avtotransport vositalarini sotganlik uchun soliq, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligi, savdosotiq huquqi uchun yigʻim; obodonchilik ishlari uchun yigʻim va b. Mahalliy soliq va yigʻimlar mahalliy byudjetga oʻtkaziladi.

Davlat tomonidan undirilgan S. byudjet vositasida qayta taqsimlanib, soliq toʻlovchilarga sogʻliqni saqlash, maorif, ilm-fanni rivojlantirish, mudofaa, xuquqni muhofaza qilish kabi ijtimoiy zarur davlat xizmatlari orkli bilvosita yoʻllar bilan qaytadi.

Oʻzbekistonda soliq nazariyasi va amaliyotiga oid materiallar, shu sohaga doir boshqa masalalar "Soliq toʻlovchining jurnali"da (1995 y. dan oʻzbek va rus tillarida chiqadi) yoritiladi.

Mutallib Yoʻldoshev.

Soliq yordamida milliy daromadning tegishli qismi taqsimlanadi va qayta taqsimlanadi. Davlat tomonidan olinadigan soliqlar hamda ularning tashkil qilinish shakl va usullari birgalikda soliq tizimini tashkil qiladi. Milliy iqtisodiyotda soliqlar quyidagi uchta muhim vazifani bajaradi:

  1. davlat xarajatlarini moliyalashtirish (fiskal vazifasi);
  2. ijtimoiy tanglikni yumshatish (ijtimoiy vazifasi);
  3. iqtisodiyotni tartibga solish (tartibga solish vazifasi).

Davlat sarflari soliq tushumlari hisobiga amalga oshsada, davlat sarflari miqyosining oʻsishi oʻz navbatida soliqlarning oʻsishini taqozo qiladi va uning darajasini belgilab beradi. Hozirgi davrda umumiy tendensiya boʻlgan davlat sarflarining va shunga mos ravishda soliq hajmining oʻsib borishini quyidagi omillar taqozo qiladi.

Korxonalar faoliyatini soliq yordamida tartibga solish quyidagi umumiy tamoyillari asosida amalga oshiriladi:

  • barcha daromadlardan, ularning manbalariga bogʻliq boʻlmagan holda soliq undirishning majburiyligi;
  • soliq undirishda barcha uchun yagona umumdavlat siyosati;
  • samarali ishlovchi korxonalarda hamda xoʻjalik yuritishning ilgʻor shakllari uchun soliq meʼyorlarining ragʻbatlantiruvchi rolini taʼminlash;
  • soliq toʻlovi boʻyicha barcha subʼektlar majburiyati ustidan moliyaviy nazorat.

Soliq stavkasini belgilash bir qator tamoyillarga asoslanadi.

  1. Naflilik tamoyili — turli shaxslardan, ularning soliqlar hisobiga moliyalashtiriladigan dasturlardan foydalanishi darajasiga qarab turlicha soliq undirilishi kerakligini bildiradi.
  2. Toʻlovga layoqatlilik tamoyili — soliq miqdori soliq toʻlovchining boyligi va daromadlari darajasiga mos kelishi zarur. Boshqacha aytganda, soliq solish daromadlarning adolatli taqsimlanishini taqozo qilishi zarur.
  3. Adolatlilik tamoyili — daromadlari va hukumat dasturlaridan foydalanish darajasi boʻyicha teng boʻlgan kishilar teng miqdorda soliq toʻlashi zarur.

Soliq boʻyicha imtiyozlar qonunchilik bitimlarida belgilangan tartib va sharoitlar asosida oʻrnatiladi. Amaliyotda soliq imtiyozlarining quyidagi turlari keng tarqalgan: — obʼektlarning soliq olinmaydigan eng kam darajasini belgilash; — soliq toʻlashdan alohida shaxs yoki maʼlum guruhlarni (masalan, urush fahriylarini) ozod qilish; — soliq darajasi (stavkasi)ni pasaytirish; — soliq olinadigan summadan chegirish; — soliqli kredit (soliq olishni kechiktirish yoki soliq summasini maʼlum miqdorga kamaytirish).