Qatvon jangi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qatvon jangiqoraxoniylar va saljuqiylarning birlashgan qoʻshini bilan qoraxitoylar oʻrtasida boʻlgan jang (1141 yil 9-sentabr). Samarqand yaqinidagi Qatvon dashtida sodir boʻlgan. Qoraxoniylarning Samarqanddagi hokimi Mahmudxon 1137 yil Xoʻjand yaqinida qoraxitoylardan magʻlubiyatga uchragach, saljuqiylar sultoni Sanjardan koʻmak soʻragan. 1141-yil iyulida Sanjar 100 ming (boshqa manbalarga koʻra, 70 ming) jangchidan iborat qoʻshin bilan Amudaryodan oʻtib Samarqandga yoʻl oladi. Gurxon Yelyuy Dashi qoʻshini kidanlar, xitoylar va baʼzi turkiy qavmlardan (50 ming kishilik qarluqlar qoʻshini ular tomoniga oʻtgan edi) tashkil topgan 100 mingdan ziyod jangchidan iborat boʻlgan. Bu jangda qoraxitoylar kidanlarning sevimli harbiy usuli: raqib qoʻshinini yon tomondan aylanib oʻtib, qoʻqqisdan hamla qilish taktikasini qoʻllashgan. Gurxon qoʻshinini 3 qismga ajratib, ularning har biriga raqib tomon qoʻshinini oʻrab olishni bosh vazifa qilib qoʻyadi. Sanjar qoʻshinining jangovar tartibini 2 qanot va markazdan iborat qilib tuzib, markazga oʻzi boshchilik qiladi. Jangda qoraxitoylarning qanot qismlari ittifoqchilar qoʻshinining orqa tomoniga yorib oʻtib uni qurshab olgan. Sanjar qoʻshini tartibsiz chekinib, Dargʻom boʻyidagi bir daraga qisib qoʻyilgan, yuzlab jangchilar daryo suvi yoki kanalda gʻarq boʻlgan. Sanjar yonidagi 300 otliq va shaxsiy qoʻriqchilari bilan qurshovni yorib chiqib Termizga ketishga erishgan. Qatvon jangida manbalarga koʻra, 70 ming musulmon shahid boʻlgan. Gurxon jang maydonida 3 oyga yaqin turadi, soʻngra Karmanaga yoʻl olgan. Bu yerda u yangi davlat Qoraxitoylar davlati (Gʻarbiy Lyao) barpo etilganini eʼlon qilgan. Qatvon jangi qoʻchmanchilarning Markaziy Osiyega kirib kelish yoʻllarini ochib bergan. Qoraxoniylar ularning vassaliga aylangan, qoraxitoylar davlati boshligʻi — Gurxonga soliq toʻlab turishlari lozim boʻlgan. Qoraxitoylar qoraxoniylarning ichki ishlariga aralashmaganlar, ularning poytaxti ilgarigidek Bolasogʻun shahri hisoblangan.

Faxriddin Hasanov.