Orif Gulxaniy uy-muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xarita
Koordinatalari 39°38′40″N 66°57′52″E / 39.64444°N 66.96444°E / 39.64444; 66.96444 G OKoordinatalari: 39°38′40″N 66°57′52″E / 39.64444°N 66.96444°E / 39.64444; 66.96444 G O

Orif Gulxaniy uy-muzeyi Samarqand shahrida joylashgan. Ushbu uy-muzeyi deyarli butun umrini shu uyda yashab oʻtkazgan mashhur oʻzbek va tojik shoiri, mutafakkiri Orif Gulxaniyning hayoti va ijodiga bagʻishlangan.

Orif Gulxaniyning tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Orif Gulxaniy 1879 yilda Samarqandda ziyoli oilada tugʻilgan. Samarqand madrasasini tamomlagan, keyinchalik Buxoroda oliy diniy va dunyoviy taʼlim olgan. Buxoroda oʻqishni tamomlab, Samarqandga qaytib, «Madrasai Nav» madrasasida mudarrislik qila boshlaydi. Madrasada ishlab yurgan chogʻida Alisher Navoiy va Bedil ijodini oʻrganish bilan shugʻullandi, oʻsha davrda fors va tojik tillarida olovli degan maʼnoni anglatuvchi Gulxaniy taxallusi bilan sheʼrlar yoza boshlagan.

Samarqandda Muqimiy, Furqat, Vasliy, Pisandiy, Sadriddin Ayniylar bilan tanishishi uning ijodiy faoliyatiga katta taʼsir koʻrsatgan. Gulxaniy ijodi tufayli Samarqandda boshqa shoirlar ham paydo boʻladi, ular orasida Mirzo Akramiy, Fikriy, Tugʻral, Abdulaziz Abdurasulov va boshqalar mashhurdir. Gulxaniy ular bilan birgalikda Samarqand madrasalari talabalari va mahalliy shoirlar, sheʼriyat ixlosmandlari uchun ijodiy uchrashuvlar uyushtirgan. Keyinchalik anʼanaga aylangan bunday uchrashuvlar tufayli Said Nazar, Nazarmat, Oʻtkir Rashid, Raʼno Uzoqova, Vohid Abdullayev, Dushan Fayziy kabi shoirlar yetishib chiqqan.

Gulxaniy ijodi mashhur oʻzbek davlat arbobi va shoiri, Gulxaniyning izdoshi Sharof Rashidov tashabbusi bilan 1980-yilda omma eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Oʻsha yili Gulxaniy tavalludining 100 yilligi nishonlandi.

Uy muzeyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻp yillar davomida uy-muzey uchun qoʻlyozmalar va materiallar toʻplangan. 1993 yilda Orif Gulxaniyning uy-muzeyi ochilib, ushbu uy-muzey joylashgan koʻchaga uning nomi berildi. Keyinchalik muzeyda taʼmirlash ishlari olib borilib, muzey davlat himoyasiga olindi.

Muzeyga kiraverishda, oʻng tomonda shoir ijod bilan shugʻullangan xona joylashgan. Uy-muzeyda u yashagan xonalar, Gulxaniyning 300 ga yaqin shaxsiy qoʻlyozmalari, 145 ta asari, ocherklari, asr oxiriga oid uy-roʻzgʻor buyumlaridan iborat 2500 dan ortiq eksponatlar, qoʻlyozma va kitoblar, fotosuratlar, Gulxaniyning shaxsiy buyumlari saqlanmoqda va yana koʻp narsalar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda tarix, din, xattotlik haqidagi kitoblar, «Oyna» jurnali toʻplamlari (1914), Hofiz, Bedilning devonlari, Bartoldning «Turkiston oʻlkalarini sugʻorish haqida» kitobi asl nusxasi, Furqat, Muqimiy, Umarxon, Zavqiy va boshqa shoirlarning  sheʼriy toʻplamlari, «Alifbe» kitobi, arab tilidagi tush kitobi va boshqa asarlar ham taqdim etilgan. Shoirning farzandlari va nevaralari voyaga yetgan beshik, alyumindan ishlangan nodir musiqa stendi, XIX-asrga oid idish-tovoqlar, sopol koʻzalar, chilim (kalyan), shoir liboslari diqqatga sazovor eksponatlardandir. Uy-muzey hovlisida mevali daraxtlar, gullar oʻsadigan katta bogʻ barpo etilgan.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]