Oʻzsanoatqurilishbank

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzsanoatqurilishbank
Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki ATB
Asosiy maʼlumotlar
Faoliyati Bank xizmatlari
Asos solingan 1922-yil 28-oktabr
Oʻzsanoatqurilishbank Vikiomborda

„Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB[1] — Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatuvchi yirik banklardan biri. Toʻliq rasmiy nomi: "Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki" aksiyadorlik tijorat banki (ATB).

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB Oʻzbekiston Respublikasidagi eng birinchi moliya institutlaridan biri hisoblanadi. Uning tarixi 1922-yilda, Toshkentda Sanoat bankining Oʻrta Osiyo boʻlimi ochilganidan boshlab hisoblanadi. Bank oʻz operatsiyalarini 1922-yil 28-oktabrda[2][3]boshlagan.

Moliya instituti tashkil topganidan 10 yil oʻtganidan keyin, 1932-yil may oyida Sanoatbank uzoq muddatli kapital kiritishlarga ixtisoslashtirilgan bankka aylantirildi, unga kapital qurilishni, ogʻir, yengil, mahalliy sanoatni, taʼminot tashkilotlarini va tashqi savdoni moliyalashtirish vazifalari yuklatilgan.

  • 1955-yilda kapital qurilishni moliyalashtirishning yangi qoidalari va qurilish b oʻyicha pudrat shartnomalarining qoidalari tasdiqlandi. Bank ishlab chiqarish quvvatlarini va asosiy fondlarni ishga tushirish boʻyicha davlat rejalarining bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. Qurilishi tugallangan ob’yektlar uchun toʻlovlar kengaydi, pudratchi tashkilotlarni qisqa muddatli kreditlash tizimi oʻzgartirildi.
  • Davlat tomonidan kapital qoʻyilmalar uchun ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish maqsadida, 1959-yilda Sanoatbank kapital qoʻyilmalarni moliyalashtiruvchi bankka — „Qurilishbank“ga aylantirildi.
  • Bank 1966-yilgi zilziladan keyin Toshkentni qayta tiklashda beqiyos oʻrin tutgan edi.
  • 1987-yilda „Qurilishbank“ Sanoat-qurilish bankiga aylantirildi. Shu yilning oʻzida bank tizimini isloh qilish boshlandi, bu jarayon Oʻzbekiston davlat mustaqilligi eʼlon qilinganidan soʻng sifat jihatidan yangi darajaga erishgan.
  • 1991-yilda, mustaqilliimiz eʼlon qilingandan soʻng „Oʻzsanoatqurilishbank“ aksiyadorlik tijorat bankiga aylantirildi. Uning taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasining yetakchi sanoat korxonalari va pudrat tashkilotlari boʻlgan edi.
  • 2009-yilda uning nomi „Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki“ ochiq aksiyadorlik tijorat banki („Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB) deb oʻzgartirildi.

Bank tomonidan doimiy ravishda yangi muddatli omonatlar ishlab chiqilgan va joriy qilingan, ular jozibadorligi va yuqori daromadliligi tufayli aholi orasida katta qiziqish uygʻotdi.

Bank oʻzining toʻlov tizimini rivojlantirayapti, respublikamizning tashkilotlarida ish haqi loyihalarini joriy etishni davom ettirmoqda. „Oʻzsanoatqurilishbank“ respublikamizda birinchi boʻlib oʻz dizayniga ega boʻlgan Visa Electron[4] va Visa Classic xalqaro toʻlov chipli kartalarini chiqarishni va ularga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bank tomonidan xizmat koʻrsatiladigan mijozlar doirasi respublikamizning barcha sohalarini qamrab oladi. Bankning umumiy mijozlar bazasi bir milliondan ortiq korporativ va xususiy mijozlarni oʻz ichiga oladi.

„Oʻzsanoatqurilishbank“ oʻz mijozlariga 50 dan ortiq anʼanaviy bank xizmatlari va boshqa turdagi zamonaviy bank mahsulotlarini taqdim etmoqda.

Bank aksiyadorlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bankning asosiy aksiyadorlari: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, shuningdek, iqtisodiyotimizning bazaviy tarmoqlaridagi korxonalar.

Bank aksiyadorlari tarkibida: „Oʻztransgaz“ AJ, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi, „Toshkent issiqlik elektr stansiyasi“ UK, „Absolut eInvestmentsTrust“ MChJ, „Talimarjanskaya TES“ DK, „Oʻzbekenergo“ DAK, „AssetInvest Trust“ MChJ, "Oʻzbekiston temir yoʻllari" DATYK, "Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi" UDK.

Reyting agentliklarining baholashi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Ahbor-Reyting“ reyting agentligi „Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB ning milliy shkala boʻyicha kredit reytingini „uzA+“ darajasida „Ijobiy“ prognozi bilan tasdiqladi.

2019-yilda Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi „Oʻzsanoatqurilishbank“ning kredit reytingini „B+“dan „B+/B“ darajasigacha koʻtardi va uning istiqbollarini „Barqaror“ deb prognoz qilib baholadi. Hisobot yilida yana bir obroʻli reyting agentligi Standard&Poor’s yana „Oʻzsanoatqurilishbank“ning xalqaro reytingini „Barqaror“ prognozi bilan baholadi.

Yutuqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB jahonning yetakchi banklarining mukofotlari bilan taqdirlandi. 2010-yilda bank Citibank N.A. bankining „AQSh dollarida amalga oshirilgan xalqaro toʻlovlarning benuqson sifati uchun“ (Quality Recognition Award) bilan taqdirlandi.

2012-yilda bank Commerzbank AG ning „Uzoq muddatli hamkorlik uchun“ (Long-StandingPartnershipAward) va 2014-yil avgust oyida „2013-yilda hujjatli operatsiyalar sohasida mukammal hamkorlik uchun“ (Tradeaward, great partnership of the year 2013) mukofotlari bilan taqdirlandi.

Bank yuqori nufuzli Germaniya sertifikatlashtirish organi TUV tomonidan ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi boʻyicha banklarni sertifikatlash tartib-amallaridan muvaffaqiyatli oʻtdi va sertifikatga ega boʻldi.

Bank UzR Monopoliyaga qarshi qoʻmitasi va Milliy marketing markazi tomonidan Oʻzbekiston banklari oʻrtasida berilgan „Yil brendi — 2019“ mukofotining sohibi hisoblanadi.

2021-yilda O‘zsanoatqurilishbank MDH mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “SAP Quality Awards” tanlovida “Raqamli evolyutsiya” nominatsiyasi g‘olibi deb eʼtirof etilgan[5].

Tashkiliy tuzilmasi, filiallari va vakolatxonalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bankning oliy boshqaruv organi aksiyadorlar yigʻilishi hisoblanadi. Taʼsischilar yigʻilishlari oraligʻidagi davrda bank faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiruvchi keyingi boshqaruv organi — Bank Kengashi hisoblanadi. Bankning bevosita ijro etuvchi organi -Bank Boshqaruvining raisi va uning oʻrinbosarlari boshchiligidagi Bank Boshqaruvi hisoblanadi. Bank Boshqaruvi tarkibiga bankning asosiy tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari kiradi.

Bank tarmogʻi respublika boʻylab 45 ta filialni va 43 ta bank xizmatlarini koʻrsatish markazlarini oʻz ichiga oladi.

Logotip va rebrending[tahrir | manbasini tahrirlash]

2018-yilda „Oʻzsanoatqurilishbank“ bank rebrendingini oʻtkazdi. Yangi brend, bank logotipini oʻzgartirish bilan birga, biznes jarayonlarini takomillashtirish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va mahsulot turlarini koʻpaytirish maʼnosini anglatadi.

Rasmiy ilovasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bankning rasmiy ilovasi — Joyda, Android va IOS operatsion tizimlari uchun ishlab chiqarilgan.[6]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „https://www.sqb.uz/general-information/“. 2022-yil 8-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 8-iyul.
  2. „https://uz2002.ru/uzpromstrojbank-put-dlinoyu-80-let“. 2021-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 8-iyul.
  3. „https://uz2002.ru/uzpromstrojbank-put-dlinoyu-80-let“. 2021-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 8-iyul.
  4. „https://cis.visa.com/ru_TJ/visa-in-uzbekistan.html“. 2021-yil 6-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 8-iyul.
  5. „Xalqaro tanlov sovrindoriga aylangan bank! - Depozit.uz“ (2021-yil 6-may). Qaraldi: 2022-yil 31-avgust.
  6. https://depozit.uz/partners/banks/sqb